Shavkat Mirziyoyev 9-dekabr kuni Xalqaro avtomobil federatsiyasining (FIA) Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatda bo‘lib turgan tashkilot prezidenti Muhammad bin Sulaym boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda delegatsiya tarkibida FIA Senati prezidenti Karmelo Sans de Barros hamda mobillik va turizm bo‘yicha vitse-prezidenti Tim Shirman ham ishtirok etdi. Avtosportni tartibga soluvchi va yo‘l harakati xavfsizligini targ‘ib qiluvchi global tashkilot bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Xususan, FIA universitetining imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘zbekistonlik poygachilar, karting haydovchilari, muhandislar, konstruktor va mexaniklarni tayyorlash, O‘zbekistonda zamonaviy avtosport infratuzilmasini yaratish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tomonlar piyoda va transport vositalari harakati xavfsizligini ta’minlash dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish hamda tashkilot shafeligida xalqaro musobaqalar, avvalo, “Formula-1” bosqichlarini o‘tkazish masalalariga e’tibor qaratdi.



Uchrashuv yakunida prezident Xalqaro avtomobil federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda avtosportni xalqaro standartlarga muvofiq ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun FIA rahbariga “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
O‘zbekiston 2019-yildan buyon federatsiyaning faol a’zosi hisoblanadi. O‘tgan yili Samarqandda FIAning 120 yilligiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tgandi. Bu yilgi tadbir doirasida 12-dekabr kuni Humo Arena majmuasida xorijiy mehmonlar va chempion poygachilar ishtirokida eng namunali sportchilar va jamoalarni taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.
Avvalroq Spot Formula-1 poygalarida ko‘ngilli marshal sifatida faoliyat yuritayotgan Dilfuza Matkarimova bilan musobaqalarning ichki jarayonlari, marshalning asosiy vazifalari, treklarda yuz beradigan favqulodda holatlar hamda O‘zbekistonda avtosport rivoji haqida suhbatlashgandi.



