Avvalroq prezident naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, 2026-yildan O‘zbekiston hududida jismoniy shaxslarga elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatuvchi va tovarlar sotuvchi chet el yuridik shaxslari soliq organida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlanib, xabarnoma yuborilgandan keyin 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tmaganda, ularning O‘zbekistondagi faoliyati cheklanadi.
QQS summasini tekshiruvlarsiz tezlashtirilgan tarzda qaytarish tartibi ta’sischisi yoki rahbari soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan tadbirkorlarga, shuningdek, ularning ta’sischisi yoki rahbari tomonidan oxirgi 12 oyda yangi yoki qayta tashkil etilgan subyektlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq organlari aniqlagan tafovutni asoslash uchun soliq to‘lovchilar tomonidan qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilganda soliq organlari tomonidan ularning ko‘rib chiqilishi majburiy hisoblanadi.
Bunda kameral soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etilgan hamda soliqlar va yig‘imlar, shu jumladan, penyalar to‘liq to‘langanda yuridik shaxsning mansabdor shaxslari jinoiy yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa javobgarlikdan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, farmon bilan sotuvchi tomonidan litsenziyalanadigan yoki ruxsat etish yoxud xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari bo‘yicha tovarlar realizatsiya qilinganda, sotuvchining litsenziyasi (ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat yoki xabarnoma) mavjudligi avtomatlashtirilgan tarzda tekshirilib, hisobvaraq-faktura rasmiylashtirishga ruxsat beriladi.
Avvalroq kelasi yil 1-iyuldan savdo va xizmat ko‘rsatishda yagona QR-kodli to‘lov majburiy bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Yagona QR-koddan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish sifatida baholanadi.
