Turkiyaning Anadolu Group tarkibiga kiruvchi Anadolu Isuzu avtomobil guruhi “Samarqand avtomobil zavodi” (SamAuto) ustav kapitalidagi davlat ulushini sotib olish uchun $80 mln to‘ladi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

Investor, shuningdek, loyihaning o‘tkazilayotgan texnik-iqtisodiy baholash natijalari asosida shakllantirilgan xulosalar va tavsiyalarga muvofiq SamAuto‘ni yana-da rivojlantirish uchun $80 mln qo‘shimcha mablag‘ kiritadi.

Bitimni yakunlash uchun Anadolu Isuzu Turkiyaning tegishli nazorat organlaridan barcha zarur ruxsatnomalarni oldi. 19-noyabrda SamAuto ustav kapitalidagi 75,2% davlat ulushini sotib olish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasi imzolandi.

9-dekabrda DABA Xususiylashtirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobiga $80 mln miqdorida to‘lov kelib tushdi. 10-dekabrda esa Xususiylashtirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan respublika byudjetiga 1 trln so‘m o‘tkazildi.

Bundan tashqari, investorning investitsion majburiyatlarini amalga oshirish doirasida tegishli investitsiya bitimi imzolanadi.

Avgust oyida Anadolu Isuzu SamAuto ustav kapitalidagi 75,2% davlat ulushini $80 mlnga sotib olayotgani maʼlum bo‘lgan edi. Turk kompaniyasining taklifiga $80 mlnlik investitsiya rejasi ham kiritilgandi.

“Investitsiya majburiyati doirasida O‘zbekistonda katta sig‘imli (12−18 metrli) avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarish, mamlakat bo‘ylab litsenziyalangan servis markazlarini tashkil etish hamda avtobuslarni Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq va Afrikaga eksport qilish ko‘zda tutilgan. Bu tashabbus O‘zbekistonda mintaqaviy transport xabini shakllantirishga xizmat qiladi”, — deyilgandi xabarda.

Davaktiv agentligining ta’kidlashicha, investorning narx taklifi KPMG moliyaviy maslahatchisi tomonidan belgilangan SamAuto ulushini sotish narxlari oralig‘ida bo‘lib, xalqaro mustaqil baholovchi — PwC xalqaro kompaniyasi tomonidan belgilangan qiymatga mos keladi.

SamAuto‘ni xususiylashtirish

2024-yil 5-iyun kuni Anadolu Isuzu va Davaktiv SamAuto aksiyalarining nazorat paketini sotib olish imkoniyatlarini tahlil qilish va zarur o‘rganishlarni o‘tkazish uchun o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

O‘sha yilning 7-oktabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Anadolu Isuzu prezidenti Bora Kochak bilan uchrashdi.

“Suhbat chog‘ida kompaniyani O‘zbekistonda xususiylashtirish davlat dasturida ishtirok etishga jalb qilish va avtomobilsozlik sohasidagi loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi,” — deyiladi xabarda.

Tomonlar, shuningdek, Anadolu Group xoldingining O‘zbekistondagi loyihalarining hozirgi holatini ko‘rib chiqdilar. Uchrashuv yakunida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbari hamkorlikni chuqurlashtirish va Turkiya kompaniyasining respublikadagi faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rishga tayyorligini tasdiqladi.

23-yanvar kuni Laziz Qudratov Anadolu Isuzu kompaniyasining strategiya va biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Ali Solihiy bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekistonda avtomobilsozlik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish sohasidagi yuqori joriy qiymatga ega loyihalarni ko‘rib chiqdilar.

Aprel oyida Anadolu Isuzu Otomotiv Sanayii ve Ticaret A.Ş. SamAuto avtomobil ishlab chiqaruvchisini xususiylashtirishni taklif qildi. Turkiya kompaniyasining avtomobilsozlik guruhi SamAuto ustav kapitalidagi 75,2% davlat ulushini sotib olish bo‘yicha Davaktiv agentligiga taklif kiritdi.

Anadolu Isuzu 1984-yilda tashkil etilgan, Turkiyaning Anadolu Group xoldingining sho‘ba korxonasi bo‘lib, avtobuslar va tijorat transporti sohasidagi eng yirik korxonalardan biri hisoblanadi.


Avvalroq Davaktiv sobiq Toshturma yaqinidagi yer uchastkasini auksionga qo‘ygandi.