Belarusda yirik kripto-birjalar — ByBit, Bitget, OKX va BingX bloklandi. Bu haqda mahalliy Onliner nashri xabar bermoqda.
Kirishni cheklash to‘g‘risidagi qaror Belarus Axborot vazirligi tomonidan qabul qilindi. Cheklangan resurslar tegishli reyestrda qayd etiladi.
Foydalanuvchilarga resurslarni ochishga urinishda Belarus vakolatli organining qarori asosida kirish cheklanganligi to‘g‘risidagi ma’lumot ko‘rsatiladi.
Saytlar hali ham VPN yordamida ochilmoqda, biroq, nashrning ta’kidlashicha, xorijiy IP-manzillardan foydalanish birja qoidalarini buzishi va akkauntning bloklanishiga olib kelishi mumkin.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan rasmiylar kriptobirjalarning bloklanishiga hozircha izoh bermadi.
Avvalroq Spot Qozog‘istonda YTT va yuridik shaxslarga mayning bilan shug‘ullanishga rasman ruxsat berilgani haqida yozgandi.
Shuningdek, mamlakat bo‘ylab kriptobirjalar faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi, biroq buning uchun ular avval litsenziya olishi kerak.

