O‘zbekistonda metan “zapravka"lar faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida kuzatilgan texnik nosozlik tufayli import qilinayotgan tabiiy gaz qisqargan. Shu bois bir qator zarur choralar ko‘rilmoqda. Vazirlik gap qaysi davlat haqida ketayotganiga aniqlik kiritmagan.
Maʼlum qilinishicha, birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini (maktab, maktabgacha ta‘lim tashkilotlari, shifoxonalar, OTMlar, issiqlik elektr stansiyalari va boshqalar) tabiiy gaz bilan barqaror ta‘minlash asosiy vazifa etib belgilangan.
Shu bois, mazkur obyektlarda tabiiy gaz bosimi pasayishining oldini olish maqsadida mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan reja-grafiklarga asosan metan “zapravkalar” faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilmoqda.
“Bu zaruriy choralar vaqtincha bo‘lib, gaz bosimini me‘yorga keltirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotganini ma‘lum qilamiz. Holat haqida qo‘shimcha ma‘lumot beriladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Noyabr oyida Farg‘ona viloyatida metan “zapravka"larga ko‘chma konteynerlar orqali siqilgan tabiiy gaz yetkazib berish loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali qishda Farg‘ona vodiysidagi “zapravka"larga ko‘chma metan yetkazib beriladi. 150 ta konteyner va 30 ta yuk avtomobili bilan ta’minlangan tizim bir kunda 15 mingtagacha yengil avtomobilga gaz to‘ldirish imkonini beradi.
Avvalroq O‘zbekistondagi “zapravka"larda AI-80 benzini savdosiga qarshi reydlar boshlangani haqida xabar berilgandi. AYOQSHlarda olib borilgan nazorat tadbirlarida 306 ming litrdan ortiq sifatsiz neft mahsulotlari aniqlandi.
