O‘zbekistonda fuqarolarga tegishli avtotransport vositalari soni 4,7 mlndan oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

2025-yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakatda jismoniy shaxslarga tegishli 4 mln 725,9 mingta avtotransport vositalari ro‘yxatga olingan. Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 415,3 mingtaga ko‘p.

Aholiga tegishli avtomobillarning asosiy qismi yoki 92,9% i yengil avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi — 4,39 mln dona.

Bundan tashqari, yuk avtomobillari — 312,7 ming dona, mikroavtobuslar — 7,5 ming dona, maxsus transport vositalari — 7,3 ming dona hamda avtobuslar 6 ming donani tashkil etgan.

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonga qiymati $1,6 mlrdlik yengil avtomobillar import qilingan. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,9% ga kamaygan. Biroq miqdor jihatidan bir baravarga oshib, 71,6 ming donani tashkil etdi.

Bu davrda elektromobil yetkazib berish qiymat jihatidan $612,25 mlnga (o‘tgan yilga nisbatan o‘sish 2,8 baravar), miqdor jihatidan esa 51,85 ming dona (o‘sish 2,3 barobar) ga yetdi.

Shuningdek, qiymati $336,45 mlnlik 16,98 ming dona benzinda harakatlanuvchi yengil avtomobil olib kelindi. Biroq, bu qiymat jihatidan qariyb 2 barobar, miqdor jihatidan esa 1,7 barobarga qisqargan.

Gibrid avtomobillar importi ham qiymat jihatidan 77% ga ($69,24 mln), miqdor jihatidan esa 83% ga (2728 ta) kamaydi. Shu bilan birga, o‘n oyda qiymati $2,44 mlnlik (-55,5%) dizelda harakatlanuvchi 97 dona (o‘tgan yil 20 ta) avtomobil olib kelingan.

Avvalroq O‘zbekistonda jismoniy shaxslar nomiga avtomobil olib kirish qisqartirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. O‘zstandart, ISSV hamda Bojxona qo‘mitasi yengil avtomobillar importida yuridik shaxslar uchun notarif choralarni soddalashtirish bo‘yicha hukumat qarorini ishlab chiqadi.