Ekohududlarda turistik so‘qmoqlarni tashkil qilish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.

Hujjat davlat qo‘riqxonalarining bufer zonalari, milliy tabiat bog‘lari, pitomnik, o‘rmon va o‘rmon-ov xo‘jaliklari, tog‘li va cho‘l hududlarida (ekohududlar) turistik so‘qmoqlarni tashkil qilish tartibini belgilaydi.

Nizomga ko‘ra, balansda saqlovchi turistik so‘qmoqni tashkil qilish uchun tegishliligi bo‘yicha Turizm qo‘mitasining hududiy bo‘linmasiga ariza bilan murojaat qiladi.

Arizaga turistik so‘qmoq to‘g‘risida maʼlumotnoma, xaritasi, foto va video tasvirlar ilova qilinadi. Ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Hududiy bo‘linma turistik so‘qmoqning belgilangan talablarga javob berishini joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqib, natijasi bo‘yicha 2 nusxada dalolatnoma tuzadi.

Turizm qo‘mitasi hududiy bo‘linma tomonidan yuborilgan hujjatlarni 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, turistik so‘qmoqni Turistik so‘qmoqlarning yagona reyestriga kiritadi.

Yagona reyestrga kiritilgan turistik so‘qmoqlar tashkil etilgan hisoblanadi. Balansda saqlovchi turistik so‘qmoq reyestrga kiritilgan kundan boshlab 1 oy ichida uning kirish nuqtasida pasporti va xaritasi hamda belgilangan axborot belgilarini o‘rnatadi.


Avvalroq Aydar-Arnasoy ko‘ligacha 45 kmli yangi temir yo‘l qurilishi haqida xabar berilgandi.