Raqobat qo‘mitasi OAV va internetda joylashtirilgan materiallarning “Reklama to‘g‘risida"gi qonun ga mosligi bo‘yicha o‘rganish olib bormoqda.
Unda turoperatorlar tomonidan umra tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga oid berilgan reklamalar o‘rganildi.
Natijada, Navoiyda Panorama Travel va Shaffof Kichiksoy korxonalarining turoperatorlari litsenziya hujjatlari yo‘q holatda reklamalar joylashtirgani aniqlandi.
Ular qonun talablarini buzgani sabab jarimaga tortildi.
Shuningdek, Namanganda Umra Ihlos Sardor domla, Yuksak Ahsan travel va Express Parvoz Milliy sayyohlik Operatori Telegram-kanallarida berilgan reklamalarda ham bu kabi qonunbuzilishi aniqlandi. Kanal mansabdor shaxslari maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
O‘rganish yakunlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilishi taʼminlanishi qo‘shimcha qilindi.
O‘zbekistonda Umra tadbirlarini tashkil etish
2024-yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.
Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.
Undan keyin, 12-oktabrga kelib, hukumatning tegishli qarori qabul qilindi. Unda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerakligi belgilandi.
15-oktabr kuni qo‘mita yangi talablar asosida litsenziya olish uchun arizalar qabulini e’lon qildi. Noyabr oyida, tanlov natijasida “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berildi.
Spot litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.
Avgust oyida O‘zbekistonda Umra safarlarini noqonuniy tashkil etayotgan shaxslarni aniqlash maqsadida “Sirli mijoz” yashirin nazorat tadbirlari amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.
Avvalroq O‘zbekistonda Haj va Umra yagona portali ishga tushirilgandi.
