O‘zbek so‘mi ketma-ket yettinchi oy davomida dollarga nisbatan mustahkamlanishni davom ettirmoqda. Joriy yilning 11 oyida milliy valyuta 7,88%ga qimmatlashdi. Dekabr oyi boshida dollar kursi 11 880,93 so‘mgacha tushib, 2023-yil 10-avgustdan beri eng past darajani qayd etdi.

Markaziy bank so‘mning mustahkamlanishini valyuta tushumlarining o‘sishi bilan izohlayapti. Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, chet el valyutasi tushumi eksport, xorijiy kreditlar, pul o‘tkazmalari, chet el investitsiyalari, shuningdek, importning nisbatan barqarorlashuvi hisobiga o‘sgan.

Yaqinda Markaziy bank rais o‘rinbosari Nodirbek Ochilov so‘mning mustahkamlanishidagi ijobiy tomonlarni sanab o‘tdi. Ular orasida inflyatsiyaning sekinlashuvi, inflyatsion kutilmalarning pasayishi, so‘m pul massasining ko‘payishi, omonatlar va kreditlarning dollardan chiqarilishi jarayonining tezlashuvi, shuningdek, tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining kamayishi kabi omillar bor.

Iqtisodchi va Telegram’dagi bakiroo kanali muallifi Otabek Bakirov Spot’ga bergan intervyusida milliy valyutaning mustahkamlanish sabablari, uning narxlar va byudjetga ta’siri, oltin narxining o‘sishi fonida zaxiralarni shakllantirish zarurati haqida so‘zlab, dollar kursi bo‘yicha o‘z bashoratini ham bildirdi.


Fevral oyida dollar kursi birinchi marta 13 ming so‘mdan oshib, hozirda 12 ming so‘m atrofida tebranmoqda, eng yuqori nuqtadan 8,5%ga mustahkamlandi. Dollarning ko‘tarilmasdan, aksincha pasayishini hech tasavvur qilganmisiz?

Albatta. Bunday holatni ilgari ham ko‘rganman. 2018-yilni eslang: o‘shanda kurs 8000 so‘mdan 7700 so‘mgacha tushgan edi. 2017-yilgacha ham shunga o‘xshash vaziyatlar yuz bergan. Muammo shundaki, oddiy fuqarolar va tadbirkorlarimiz dollar doimo o‘sishi kerak, degan fikrga o‘rganib qolishgan. Ammo iqtisodiyot shunday tuzilganki, tegishli vaziyatlarda valyuta pasayishi ham mumkin. Shuning uchun bu men uchun 2025-yilning eng muhim voqeasi bo‘lmadi.

Buning sabablarini muhokama qilish ancha muhimroq. Hamma so‘mni mustahkamlovchi omillar — oltin, o‘sib borayotgan valyuta oqimlari haqida gapirmoqda va ular to‘g‘ri. Yaqinda Markaziy bank 10 oylik hisobotini e’lon qildi: tijorat banklari jalb qilingan kreditlar bo‘yicha $7,3 mlrd sotgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 63% ko‘p. Pul o‘tkazmalari deyarli 30%ga o‘sib, $15,8 mlrdni tashkil etdi. Ya’ni, valyuta taklifi barcha yo‘nalishlar: oltin, pul o‘tkazmalari, kreditlar va investitsiyalar bo‘yicha o‘sib bormoqda.

Talab qismida esa cheklangan o‘sishni ko‘ryapmiz. Rasmiylar so‘mning mustahkamlanish omillari haqida gapirishadi, lekin proteksionizm siyosatini tilga olishmaydi. Bojlar va to‘siqlar importning o‘sishini, demak, valyutaga bo‘lgan talabni ham cheklaydi.

Bundan tashqari, 2024-yil oxiridan xalqaro savdoda elektron to‘lovlar ulushini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar boshlandi. Jismoniy shaxslar uchun bojsiz olib kirish chegarasi oyiga $200 gacha tushirildi. Ilgari bu chegara kvartalda $1000 edi va odamlar maishiy texnika, kiyim-kechak buyurtma qilishardi. Hozir bandan ma’no yo‘q — chegara shunchalik pastki, faqat kanselyariya mollari yoki boshqa mayda-chuyda narsalarni buyurtma qilish mumkin. Shu sababli Temu kabi yirik kompaniyalar ham bizning bozorimizga qiziqishini yo‘qotdi.

“Chelnoklar” ham xuddi shunday ahvolda. Qoidalar kuchaytirilgandan so‘ng, chegara oldi savdosi deyarli to‘xtab qoldi. Odamlar konditsionerlar yoki oziq-ovqat mahsulotlari uchun Qozog‘iston yoki Qirg‘izistonga borishni to‘xtatishdi. 2019-yilda chelnoklarning savdo hajmi $2 mlrdga baholangan edi. Hozir valyutaga bo‘lgan talabning bu kanali deyarli yopilgan.

Markaziy bank hisobotida mustahkamlanishning asosiy sabablari sifatida oltin, eksport, pul o‘tkazmalari va investitsiyalar ko‘rsatilgan. Shuningdek, regulyator import eksportga qaraganda sekinroq o‘sayotganini ta’kidlagan.

Ha, bu aytganlarimni tasdiqlaydi. Biz vaziyatning faqat bir qismini ko‘ryapmiz. Agar rasmiylar chelnoklar va elektron savdoning qisqarishi bo‘yicha raqamlarni e’lon qilganida, kursga ta’sir qiluvchi yana bir kuchli omilni ko‘rgan bo‘lardik.

Aytgancha, yana bir signal bor: O‘zbekistondan pul o‘tkazmalari ko‘p yillar davomida birinchi marta o‘sishdan to‘xtadi. Ilgari chelnoklar tovarlar uchun to‘lovni aynan pul o‘tkazmalari orqali amalga oshirardilar. Hozir bu oqim to‘xtadi yoki kamaydi, kiruvchi pul o‘tkazmalari esa barqaror o‘sib bormoqda. Valyuta kirimi va chiqimi o‘rtasidagi farq ortib bormoqda.

bakiroo, dollar, yil yakuni

Markaziy bank eksportimizning ko‘p qismi valyuta kursi o‘zgarishlariga ta’sirchan emasligini ta’kidlamoqda. Siz bu fikrga qo‘shilasizmi?

Bu bahsli masala. Ha, oltin, mis, gaz va uran narxlari jahon birjalarida belgilanishi sababli so‘m kursiga bog‘liq emas. Biroq xomashyo eksporti jahon bozori holatiga juda sezgir ekanini unutmaslik lozim.

Eksportni har bir bandiga alohida e’tibor qaratish kerak. Misol uchun, xizmatlar sohasi. 1-noyabr holatiga ko‘ra, bu soha eksportimizning 26%dan ortig‘ini tashkil etib, oltindan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi. Turizm, IT-xizmatlar, transport sohalari so‘mning mustahkamlanishi va raqobatga juda ta’sirchan.

So‘m qimmatlashganda, xizmatlarimiz chet elliklar uchun narx jihatidan kamroq jozibador bo‘lib qoladi. O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni oshayotgan bo‘lsa-da, bir sayyohning o‘rtacha xarajatlari $430 dan $400 gacha tushganini kuzatmoqdamiz.

Yaqinda Markaziy bank o‘zining Telegram-kanalida dollar kursini e’lon qilishni to‘xtatdi. Siz bunga qanday qaraysiz?

Bunga ijobiy qarayman. Qo‘shni mamlakatlarning birorta Markaziy banki kursni har kuni messenjerlarda e’lon qilmaydi. Bu ortiqcha shov-shuvga sabab bo‘lardi. Saytdagi ma’lumotning o‘zi yetarli.

Bizda kurs valyuta birjasidagi savdolar natijasida bozor mexanizmi asosida shakllanadi. Albatta, Markaziy bank asosiy marketmeyker bo‘lib qolmoqda, ammo hech kim yuqoridan kursni belgilamaydi. Aytishim mumkinki, bu yildan boshlab so‘m haqiqatan ham erkin suzuvchi valyutaga aylanmoqda.

Demak, kurs sun’iy emas ekan-da?

Yo‘q, valyuta taklifi haqiqatan ham talabga nisbatan tezroq o‘smoqda. Buni statistik ma’lumotlardan ko‘rish mumkin. Ammo bu yerda tartibga solish masalasi bor. Valyuta bunday tez mustahkamlanayotganda, noto‘g‘ri signallar berilmasligi uchun aralashish maqsadga muvofiq bo‘lishi mumkin.

Menimcha, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasini qayta tashkil etish vaqti keldi. Uni ikki qismga ajratish mumkin: biri investitsiyalar bilan shug‘ullansa, ikkinchisi barqarorlashtirish fondi sifatida faoliyat yuritadi. Oltin narxi yuqori bo‘lgan yillarda so‘m haddan ziyod mustahkamlanmasligi uchun jamg‘arma ortiqcha valyutani sotib olishi kerak. 2023-yil yoki pandemiya yili bo‘lgan 2020-yildagi kabi murakkab davrlarda esa bu zaxiralardan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Hozirda biz qulay bozor sharoitidan foydalanmoqdamiz, biroq vaziyat butunlay o‘zgarib ketishi mumkin. Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yili oltin narxining pasayish xavfini budjetga kiritadi va biz bunga tayyor turishimiz lozim.

bakiroo, dollar, yil yakuni

Ba’zi iqtisodchilar so‘m kursi ko‘tarilayotgani emas, balki dollar kursi ko‘plab jahon valyutalariga nisbatan pasaymoqda, deb hisoblashadi. Siz bu fikrga qo‘shilasizmi?

Ha. Dunyoda iqtisodiyot va eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘z valyutalari kursini pasaytirish bo‘yicha o‘ziga xos musobaqa ketmoqda. Savdo urushlari doimo milliy valyutalarning qadrsizlanishiga olib keladi.

Biroq biz dollarning tushayotganiga emas, balki bu vaziyatdan qanday foydalanishimiz mumkinligiga e’tibor qaratishimiz lozim. Kuchli so‘m va oltindan yuqori daromad — bu biz uchun import bojlarini pasaytirish imkoniyatidir. Import solig‘i, elektromobillar, maishiy texnika uchun to‘siqlarning barchasini qayta ko‘rib chiqishimiz kerak.

Ya’ni bozorni to‘yintirish uchun qulay paytdan foydalanish kerakmi?

Aynan shunday. Bu xuddi ovozni boshqaradigan DJ kabidir: kurs mustahkamlanganda, talab va taklifni muvozanatlash uchun tariflarni pasaytirish lozim. Valyuta — maqsad emas, balki oddiy tovardir. Agar buning evaziga texnologiya va tovarlar olsak, valyutaning chiqib ketishini yomon hodisa deb hisoblamasligimiz kerak.

Bundan tashqari, biz real samarali kursga e’tibor qaratishimiz zarur. So‘m asosiy savdo hamkorlarimiz — Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy valyutalariga nisbatan mustahkamlandi. Bu raqobatbardoshligimizni pasaytiradi. Ishlab chiqaruvchilarimiz zarar ko‘rmasligi uchun valyutamiz hamkorlar valyutasi bilan tenglikda turishi kerak.

Siz oltin milliy valyutani mustahkamlashning asosiy omili ekanligini ta’kidladingiz. Agar uning narxi tushib ketsa, so‘mning zaiflashishini kutish kerakmi?

Bu jiddiy sinov bo‘ladi. Biz hozir samaradorligimiz tufayli emas, balki oltinning yuqori narxi tufayli qo‘shimcha $4−6 mlrd olmoqdamiz. Agar jahon kotirovkalari qulab tushsa, biz taqchillikka duch kelamiz va bu ham byudjetga, ham kursga ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun men “xavfsizlik yostiqchasi"ni yaratish va konyuktura imkon berguncha zaxiralarni to‘plash zarurligi haqida gapiryapman.

Doimo yaxshilikka umid qilgan holda, eng yomon vaziyatga tayyorgarlik ko‘rish lozim.

bakiroo, dollar, yil yakuni

Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat va so‘nggi paytlarda rublning mustahkamlanishi bizga qandaydir ta’sir ko‘rsatyaptimi?

Albatta. Biroq ularda rublning mustahkamlanishi Rossiya iqtisodiyotining muvaffaqiyatli bo‘layotganidan emasligini tushunish kerak. Aksincha, iqtisodiyot toraymoqda, yopilmoqda, import ulushi keskin kamaymoqda va harbiy yo‘nalishga o‘tmoqda. Bu muvaffaqiyat belgisi emas.

Rossiya iqtisodiyoti asosiy sinovni urush tugab, yana tinch hayotga qaytish va “do‘stona bo‘lmagan” mamlakatlar bilan munosabatlarni tiklashda boshdan kechiradi. Axir, urush bir kun albatta tugaydi. Bu haqda S&P ham o‘z hisobotida yozadi: agar ertaga tinchlik kelishuvi imzolansa, Rossiyada valyuta kursidan tortib foiz stavkalarigacha juda katta o‘zgarishlar yuz beradi. Bu esa, shubhasiz, pul o‘tkazmalari, import va eksport orqali bizga ham ta’sir qiladi.

Hozirgi kunda mehnat muhojirlarimiz uchun ish sharoitlari murakkablashmoqda. Bu ham iqtisodiyotimiz uchun xavf tug‘diradimi?

Bu xavf har doim mavjud edi — 2017-yildan keyin ham, undan oldin ham. Muhojirlarimiz doimo og‘ir sharoitlarda ishlashgan, xavf-xatarlarni anglashgan, lekin raqobatda bardavom bo‘lishgan. Ammo hozir, umid qilamanki, urush tugasa, muhojirlarga nisbatan salbiy munosabat kamayadi. Bir salbiy holat boshqasini bartaraf etishi mumkin.

Bundan tashqari, biz bir mamlakatdan keladigan pul oqimlariga qaramlikni kamaytirayotganimiz to‘g‘ri yo‘l. Ilgari Rossiyadan pul o‘tkazmalari ulushi 89−90%ni tashkil etgan bo‘lsa, hozir u 75−76% atrofida. Boshqa mamlakatlar, xususan Yevropa va Osiyo davlatlaridan o‘tkazmalar ulushi tez sur’atda o‘sib bormoqda.

Yana bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozim: Rossiyadan o‘tkazmalarda savdo tusidagi mablag‘lar salmoqli ulushni egallaydi. Ko‘plab kichik tadbirkorlarimiz va eksportchilarimiz o‘z daromadlarini pul o‘tkazish tizimlari orqali jo‘natmoqda, chunki yuridik kanallar va bank operatsiyalari sanksiyalar sabab murakkablashgan.

Keling, Rossiyadan yana bir sevimli mavzuingiz — narxlarga o‘tamiz. Ilgari doim: “Hamma narsa qimmatlashyapti, chunki dollar qimmatlashyapti,” deyishardi. Hozir dollar arzonlashyapti, lekin narxlar pasaymayapti. Buning sababi nimada?

Ha, narxlar pasaymayapti, lekin o‘sish sur’ati aniq sekinlashdi. Ba’zi tovarlarning narxi barqarorlashdi yoki hatto pasaydi ham. Ammo ayrimlarining narxi oshishda davom etmoqda. Bu yerda qoida shunday: agar dollar kursi pasaysa, narxlar faqat shu sohada yetarli raqobat bo‘lsagina pasayadi. Agar dollar arzonlashsa-yu, narxlar ko‘tarilsa yoki o‘zgarmasa — demak, muammo raqobatning yo‘qligida.

Benzin yoki propanga e’tibor bering — narxlar ko‘tarilmoqda. Mobil telefonlarni olaylik: yil boshidan buyon narxlar 20−30%ga o‘sdi. Bu import cheklovlari, IMEI va bojxona rasmiyatchiliklaridagi qiyinchiliklar tufayli yuz berdi. Sotuvchilar qulay kursga qaramay, barcha byurokratik xarajatlarni iste’molchilar zimmasiga yukladilar.

bakiroo, dollar, yil yakuni

Demak, raqobat va to‘siqlar yo‘qligi sabab narxlarning pasayishini sezmayapmizmi?

Ha, shunday. Aslida, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘tgan yilga nisbatan sekinroq ko‘tarilyapti. Biroq, odamlar buni sezmayapti, chunki uy-joy kommunal xizmatlari — suv, chiqindi, energiya tariflari keskin oshdi. Bu monopol xizmatlar bo‘lib, ularning qimmatlashuvi to‘lqinsimon ravishda boshqa sohalarga ham ta’sir qiladi.

Sizningcha, kuchli so‘mdan kim manfaat ko‘rdi? Budjetmi yoki iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarimi?

Byudjet tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha aniq foyda ko‘rdi — kurs farqidagi tejamkorlik, adashmasam, 1 trln so‘mdan oshdi.

Ammo daromad qismida byudjet zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin. NKMK va OKMK singari eksportchilar dollar kursi yuqori bo‘lganda so‘m hisobida ko‘proq soliq va dividendlar to‘lagan bo‘lardi. Shuning uchun budjet umuman olganda yutdimi yoki yo‘qmi, aniq aytish qiyin — balansni ko‘rib chiqish lozim.

Eksportchilar va ishlab chiqaruvchilardan 15−16 ming so‘mlik kursni xohlashlarini eshitdim.

Men ularni qo‘llab-quvvatlayman. Yirik davlat kompaniyalari hukumatga murojaat qilib, o‘z manfaatlarini himoya qila oladi. Kichik va o‘rta biznes esa bunday imkoniyatdan mahrum. Ularning ovozi faqat tadbirkorlar bilan uchrashuvda, Savdo-sanoat palatasi rahbari 16−17 ming so‘mlik kursni tilga olganida eshitildi. Biznes o‘z modellarini hisoblab chiqadi va hozirgi kurs ularga foydali emas.

Qaysi sohalar ko‘proq zarar ko‘rdi? To‘qimachilikmi?

Ha, to‘qimachilik sohasida pasayishni ko‘ryapman. Meva-sabzavotchilik ham — pomidordan tortib sabzigacha inqirozga uchradi. Albatta, bu yerda energetika muammolarining ta’siri ham bor, lekin kurs o‘z rolini o‘ynaydi. Markaziy bank bizning eksportimizning atigi 15%i kursga ta’sirchan deb hisoblaydi, ammo buni chuqurroq o‘rganish kerak.

Unday bo‘lsa, hozirgi vaziyatdan asosiy manfaatdorlar kimlar? Importchilarmi?

Asosiy manfaatdorlar — bu raqobati past bo‘lgan tovarlarni qayta sotuvchilar va importchilardir. Masalan, Xitoy elektromobillarini sotuvchi avtodilerlar. Yuan qadri tushdi, so‘m mustahkamlandi, lekin mashinalar narxi pasaymadi, aksincha ko‘tarildi. Barcha kurs farqi ularda marja ko‘rinishida qoldi.

Dori-darmon importchilari bilan ham shu ahvol. So‘m mustahkamlanayotgani va prezident narxlarni pasaytirish bo‘yicha topshiriq berganiga qaramay, dorixonalarda narxlar tushganini ko‘rmayapmiz. Yuqori foyda vositachilar qo‘lida qolmoqda.

bakiroo, dollar, yil yakuni

U holda paradoks yuzaga keladi: dollar ko‘tarilganda — kursga ishora qilib narxlar oshiriladi. Dollar tushganda esa — raqobat yo‘qligi sababli narxlar pasaymaydi.

Afsuski, odamlar ko‘pincha hamma narsani to‘g‘ridan-to‘g‘ri dollar kursi bilan bog‘lab, vaziyatni soddalashtiradi. Ammo muammo ancha chuqur — iste’molchining ovozi eshitilmayapti. Demokratik mamlakatlarda saylovchilar siyosatga, jumladan, bojlar va tariflarga ta’sir ko‘rsatadi. Bizda bu mexanizm hali mavjud emas.

Umid qilamanki, Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish bojlar va to‘siqlarni kamaytirishga majbur qiladigan tashqi cheklov vazifasini bajaradi. Bu kurs va narxlarni muvozanatga keltiradi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak: umumiy hisobda O‘zbekiston dollar qiymatining pasayishidan yutdimi yoki yutqazdimi?

Iste’molchilar hozircha yutmoqda. Bizda import ulushi yuqori va mustahkam so‘m tovarlarni arzonlashtiradi — hech bo‘lmaganda raqobat mavjud bo‘lgan sohalarda. Ammo ishlab chiqaruvchilar foyda ko‘rdimi yoki yo‘q — bu katta savol, ularning tuzilishini o‘rganish kerak.

Bu vaziyat odamlarning so‘mdagi omonatlarga faolroq o‘tishiga sabab bo‘ldimi?

Albatta. So‘mdagi omonatlarning real daromadliligi o‘sdi. Hozir foiz stavkalari 21−22% atrofida, dollar kursi esa o‘zgarishsiz qolmoqda. Odamlar va investorlar jamg‘armalarini so‘mga o‘tkazmoqda. Bu iqtisodiyotni dollarsizlashtirishning ijobiy jarayonidir.

Shaxsiy investitsiya strategiyangiz qanday? Siz pulni so‘mda saqlaysizmi yoki dollarda?

Men pandemiyadan oldin valyutada pul saqlamaslikka qaror qilganman. Har doim jamg‘armamni so‘mda saqlayman va buni hammaga tavsiya qilaman. Biznesga ham maslahatim: agar eksport tushumingiz bo‘lmasa, kreditni faqat so‘mda oling.

Sizga 12%lik dollar krediti 24%lik so‘m kreditidan afzalroqdek tuyulishi mumkin. Lekin bu tuzoq. Valyuta risklari barcha foydani yo‘qqa chiqarishi mumkin. Uzoq muddatli istiqbolda milliy valyutada jamg‘arish strategiyasi ko‘proq foyda keltiradi.

Yaqin kelajakda dollar kursi bo‘yicha qanday kutilmalaringiz bor?

Bashorat qilish — minnatdorchilik keltiradigan ish emas. To‘g‘ri topsan — unutishadi, adashsan — eslab yurishadi. Shunday aytishim mumkin: men yaqin 3−4 yil ichida kursning keskin o‘zgarishiga olib keladigan ichki sabablarni ko‘rmayapman. Iqtisodiyot o‘sib bormoqda, talab barqaror.

Hammasi tashqi omillarga bog‘liq bo‘ladi: oltin narxi va urush. O‘zbekiston ana shunday murakkab geosiyosiy davrdan hayratlanarli darajada muvaffaqiyatli o‘tayotgan bir paytda, bemalol aytish mumkinki, biz siyosiy maydonda sezilarli ustunlikka erishdik.

S&P agentligining bashoratlariga ko‘ra, kurs yaqin yillarda 14 ming so‘mdan past bo‘ladi. Masalan, 2030-yilgacha 20 ming so‘mga yetishini kutyapsizmi?

Yo‘q, kutmayapman. Bizda 2030-yilgacha strategiya bor va men bunday kuchli qadrsizlanish uchun shart-sharoitlarni ko‘rmayapman. 2023-yildagi kabi kuchli beqarorlik yoki bir martalik tuzatishlarni ham kutmayapman.