O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi $17 mlrddan oshdi. Bu haqda Markaziy bankning Ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.

Joriy yilning yanvar-noyabr oylarida transchegaraviy pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga $17,3 mlrd miqdorida valyuta mablag‘lari kelib tushdi. Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 25% yoki $3,5 mlrdga ko‘p.

Noyabrda transfertlarning oylik miqdori keskin qisqardi — $1,48 mlrd. Pul o‘tkazmalari hajmi $1,97 mlrd bilan iyul oyida eng yuqori darajaga yetdi, keyingi oylarda pasayish kuzatilib, oktabrda ko‘rsatkich $1,86 mlrdni tashkil etdi.

markaziy bank, pul o‘tkazmalari, valyuta bozori

Shuningdek, xalqaro pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistondan $2,4 mlrd valyuta mablag‘lari chiqib ketgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan $157 mlnga kamaydi.

Birinchi yarim yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 27%ga oshib, $8,2 mlrdga yetdi. Bunda ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $1,8 mlrdga ko‘payib, $8,2 mlrdni tashkil qildi.

Mablag‘larning 78%i — $6,4 mlrdi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan qismi esa Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva hamda boshqa mamlakatlardan jo‘natilgan.

Markaziy bank 2026-yilda xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 6−10% ga, o‘rta muddatda esa 8−12% ga o‘sishini prognoz qilmoqda. Regulyator o‘sishni xorijiy valyutalar kursi dinamikasi, mehnat migrantlariga bo‘lgan yuqori talab va migratsiya yo‘nalishlarining kengayishi bilan izohladi.

Avvalroq dollar kursining so‘mga nisbatan kursi 50 so‘m 48 tiyinga oshib, 12 097,93 so‘mni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.