Markaziy bank raisi Timur Ishmetov AFI (Moliyaviy inklyuziya alyansi) Direktorlar kengashi rais o‘rinbosari etib saylandi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

5-dekabr kuni AFI Direktorlar kengashi Ishmetovni o‘zining yangi rais o‘rinbosari etib, shuningdek, AFI‘ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha Direktorlar kengashidagi vakili sifatida sayladi.

2018-yildan buyon AFI‘ning asosiy a‘zosi bo‘lib kelayotgan O‘zbekiston Markaziy banki AFI boshqaruv tuzilmalarining bir qator organlarida, jumladan Bank Byudjet va moliya qo‘mitasi hamda Gender inklyuziv moliyalashtirish qo‘mitasi tarkibida faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirda O‘zbekiston Markaziy banki raisi AFIning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Siyosiy tashabbusiga raislik qilmoqda.

“O‘zbekiston Markaziy bankining AFI Direktorlar kengashi tarkibiga qabul qilinishi mamlakatimizda moliyaviy inklyuziyani rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda inklyuziv moliyaviy ekotizim asoslarini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan tub islohotlarning muhim e‘tirofidir”, — dedi Timur Ishmetov.

Taʼkidlanishicha, mazkur tayinlov O‘zbekistonga dalillarga asoslangan yondashuvlar va islohotlarga yo‘naltirilgan siyosiy qarashlarni ulashish imkonini beradi. Shuningdek, AFI‘ning global tarmog‘i va kengroq moliyaviy inklyuziya hamjamiyati doirasida adolatli, barqaror va kelajakka tayyor moliyaviy tizimlarni ilgari surish mumkin.

AFI Direktorlar kengashi tashkilot faoliyatiga strategik yo‘nalish beradi, AFI o‘z maqsadlariga qanday erishishi, yangi imkoniyatlarni aniqlashi va tarmoqni rivojlantirishi bo‘yicha maslahatlar beradi.

O‘zbekiston Markaziy bankining rais o‘rinbosari sifatidagi vakolati AFI A‘zolar kengashi tomonidan 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan Yillik umumiy yig‘ilishda tasdiqlanadi.

Avvalroq Markaziy bank banklarni insofsiz amaliyotlardan tiyilishga chaqirgandi.

Moliyaviy inklyuzivlik alyansi (Alliance for Financial Inclusion — AFI) moliyaviy inklyuzivlikni rivojlantirishga qaratilgan global siyosiy yetakchilar alyansidir.

U 84 mamlakat markaziy banklari va moliyaviy tartibga solish institutlarini birlashtirgan a’zolar tarmog‘i bo‘lib, siyosatchilarni moliyaviy inklyuzivlikni kengaytirishga qaratilgan samarali tashabbuslarni ishlab chiqish va amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlaydi.

So‘nggi 15 yil davomida AFI a’zolari tomonidan 1 130 ta moliyaviy inklyuziya siyosati joriy etilib, 850 million nafarga yaqin aholi moliyaviy xizmatlar bilan qamrab olindi. Alyans faoliyati uning a’zolari tomonidan AFI Direktorlar kengashi nazorati ostida olib boriladi.