Markaziy bank banklarga aholiga xizmat ko‘rsatishda adolatsiz va insofsiz amaliyotlarga chek qo‘yish bo‘yicha navbatdagi talabnomani yubordi.
Regulyatorning murojaatlar tahlili hamda masofaviy bank xizmatlari monitoringi banklar mobil ilovasida ma’lum bir xizmatdan foydalanishda iste’molchilarga avval “bosh oferta"ni tasdiqlash taklif etilishi, o‘nlab sahifadan iborat oferta esa mijoz foydalanmoqchi bo‘lgan aniq bir xizmatni emas, balki ilovadagi barcha xizmatlar shartlarini o‘z ichiga olishi aniqlanmoqda.
Bu iste’molchi faqat bitta xizmatdan foydalanmoqchi bo‘lsa ham, “bosh oferta"ni akseptlash orqali zarur bo‘lmagan boshqa xizmatlar shartlariga ham umumiy rozilik berishga majburlamoqda.
Markaziy bank iste’molchilar odatda mobil ilovadagi shartnoma bilan batafsil tanishmasligi yoki uning mazmunini to‘liq tushunmasdan rozilik berishini qayd etdi. Ular o‘zlari tanlagan xizmat shartlariga rozilik berayapman deb o‘ylab, ofertani qabul qiladi.
Ayrim banklar iste’molchining e’tiborsizligidan foydalanib, bir nechta xizmat shartlarini bitta “bosh oferta"da taqdim etmoqda. Bu esa iste’molchining bir nechta xizmat shartlariga rozi bo‘lishiga, kelgusida e’tirozlar kelib chiqishiga hamda bank va iste’molchi o‘rtasida nizolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, kredit kartasi bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik yuzaga kelganda, ayrim banklar kartani avtomatik tarzda bloklamoqda. Natijada iste’molchi kartaga mablag‘ kirim qilganda ham undan komissiya undirilishi kuzatilmoqda.
Bank tomonidan qilinayotgan bunday to‘sqinlik iste’molchining o‘z majburiyatini bajarishini qiyinlashtiradi hamda yuqori turuvchi tashkilotlarga shikoyat qilish ehtimolini oshiradi.
Fuqarolik kodeksining 787-moddasida mijozning hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini tasarruf qilish huquqlarini cheklashga qonunda nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yilishi belgilangan. 9-moddada fuqarolik huquqiy munosabatlari ishtirokchilarining halol, oqilona va adolat bilan harakat qilishi kerakligi qayd etilgan.
“Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 18-moddasida esa shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni majburan qabul qildirish ustun muzokara kuchiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchining ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishi deb e’tirof etiladi.
Shu bilan birga, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunning 65-moddasida bank shaxsni bankning xizmatidan yoki mahsulotidan foydalanish sharti sifatida bankning yoki o‘zga uchinchi shaxsning boshqa bank xizmatidan yoki mahsulotidan foydalanishga majbur qilmasligi kerakligi belgilangan.
Markaziy bank yuqorida qayd etilgan holatlarni adolat tamoyillariga zid hamda mazmunan insofsiz amaliyot sifatida baholadi.
Shundan kelib chiqib, barcha banklardan quyidagilarga amal qilish talabi yuklatildi:
- shartnoma (oferta) da mijoz istamagan boshqa xizmat shartlarini kiritishga yo‘l qo‘ymaslik;
- ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilmaslik;
- bank xizmatlari uchun komissiya belgilashda adolat va halollik tamoyillariga amal qilish.
May oyida Markaziy bank kredit tashkilotlarini iste’molchilar bilan munosabatlarda insofsiz amaliyot sifatida baholanadigan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgandi.
Undan keyin regulyator ijtimoiy nafaqalar fuqarolar roziligisiz kredit qarzdorligi uchun yechib olinishini insofsiz amaliyot sifatida baholab, kredit tashkilotlarini pullarning ruxsatsiz yechib olinishini to‘xtatishga chaqirdi.
Avvalroq 1-iyuldan savdo va xizmat ko‘rsatishda yagona QR-kodli to‘lov majburiy bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Yagona QR-koddan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish sifatida baholanadi.
