Shavkat Mirziyoyev 15-dekabr kuni kapital bozorini yana-da rivojlantirish hamda bank sohasida xalqaro standartlarni joriy etishni jadallashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugungi kunda muomaladagi qimmatli qog‘ozlarning bozor qiymati 275 trln so‘mni tashkil etib, birjada erkin muomaladagi qimmatli qog‘ozlar hajmi 4 trln so‘mga yetdi, bozorda 717 ta emitent va 77 ta professional ishtirokchi faoliyat yuritmoqda.
Shu bilan birga, kapital bozorining kapitallashuv hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 20%ni tashkil etib, jahon ko‘rsatkichlaridan ancha past ekani, mazkur sohada hali katta salohiyat mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan mahalliy kapital bozoriga kamida $1 mlrd investitsiya jalb qilishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Jumladan, mahalliy va xorijiy fond birjalarida xalqaro standartlar asosida qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish — “dual listing” amaliyotiga ruxsat berish, shuningdek, valyuta obligatsiyalari, global depozitar tilxatlar, xorijiy qimmatli qog‘ozlar hamda birja investitsiya fondlari kabi yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish rejalashtirilgan.
Taqdimotda “tartibga solish qumdoni” huquqiy rejimini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu mexanizm doirasida qumdon shartlarini nafaqat norezidentlar, balki rezidentlar uchun ham tatbiq etish, xorijiy investorlar uchun muddatsiz amal qilishini belgilash, shuningdek, chet el kompaniyalarining aksiyalari, obligatsiyalari va boshqa qimmatli qog‘ozlar bilan savdo qilishga ruxsat berish taklif qilindi. Bu xorijiy qimmatli qog‘ozlarning norasmiy savdosini qisqartirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.




Mahalliy investorlarni kapital bozoriga faol jalb etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Bunda mahalliy kompaniya va banklarga Toshkent fond birjasida xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berish orqali tashqi bozorga chiqmasdan turib valyuta mablag‘larini jalb qilish imkoniyatlari yaratilishi qayd etildi.
Shuningdek, emitentlarga o‘z kapitali hajmidan ortiq, taʼminotsiz obligatsiyalar chiqarish imkoniyatini yaratish orqali obligatsiyalar bozorini kengaytirish mumkinligi taʼkidlandi.
Kapital bozorida nazorat va tartibga solish tizimini takomillashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Milliy qonunchilikni Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti talablariga moslashtirish, regulyator vakolatlarini kuchaytirish, shuningdek, professional ishtirokchilarning ustav kapitaliga qo‘yiladigan talablarni bosqichma-bosqich oshirish rejalari taqdimot qilindi.
Bank sohasidagi islohotlar doirasida so‘nggi yetti yilda tijorat banklarining aktivlari 5,3 barobar o‘sib, 877 trln so‘mdan oshgani, banklarning soni 35 taga yetib, 2017-yildan beri 3 ta xorijiy bank O‘zbekistonda faoliyatini yo‘lga qo‘ygani taʼkidlandi.
Mamlakat ilk bor Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining Moliyaviy sektorni baholash dasturida ishtirok etdi, unda bank nazorati, risklarni boshqarish, to‘lov tizimlari, makroprudensial siyosat va inqirozlarni boshqarish kabi yo‘nalishlar baholandi.
Baholash natijalaridan kelib chiqib, kelgusi yilda O‘zbekiston moliya sektorini Bazel qo‘mitasining Samarali bank nazorati bo‘yicha 29 ta asosiy tamoyiliga to‘liq moslashtirish belgilangan. Bu maqsadda barcha tijorat banklarida moliyaviy hisobotlarni to‘liq xalqaro standartlar asosida yuritish, Bazel III standartlarini joriy qilish, Hukumat va Markaziy bank ishtirokida Moliyaviy barqarorlik kengashini tashkil etish vazifalari belgilandi.
Davlat rahbari kapital bozori hamda bank sohasidagi islohotlar iqtisodiyotni barqaror moliyalashtirish, xususiy sektor ulushini oshirish va xalqaro investitsiyalarni faol jalb etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, belgilangan vazifalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Sentabr oyida prezidentning AQShga tashrifi doirasida Franklin Templeton Toshkent fond birjasiga xalqaro depozit banklarini jalb qilishi aytilgandi.
2024-yilning sentabrida O‘zbekiston chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berishni rejalashtirayotganini taʼkidlangan edi.
Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki bir oyda $500 mlndan ortiq AQSH obligatsiyalarini xarid qilgandi.




