Jahon banki O‘zbekistonning 16 ta shahar va tumanida infratuzilmani rivojlantirish uchun kredit ajratadi.

Tashkilot direktorlar kengashi ushbu maqsadlar uchun $250 mlnlik moliyalashtirish paketini ajratishni ma’qulladi.

Mablag‘lar “Shaharlarda yashash va mahsuldorlikni oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish” (LPCP) loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

U shaharlarning nazoratsiz o‘sishi, kommunal va ijtimoiy infratuzilmaning eskirishi, suv va kanalizatsiya ta’minoti cheklanganligi kabi muammolarni hal qilishga qaratilgan.

Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan LPCP dasturi davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi va mamlakatning 13 ta hududida infratuzilmani rivojlantirishga yordam beradi.

Yangiyo‘l va Marg‘ilon shaharlari, shuningdek, respublika bo‘yicha 14 ta tuman, jumladan, Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Denov, Quva, Shovot va Hazorasp tumanlari shular jumlasidandir.

LPCP dasturi Iqtisodiyot va moliya vazirligi (IMV) tomonidan maqsadli viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi mahalliy hokimiyat organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Dastur doirasida yerlarning olib qo‘yilishi yoki fuqarolarning majburiy ko‘chirilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan infratuzilma loyihalari moliyalashtirilmaydi.

Har yili LPCP dasturida ishtirok etadigan mahalliy hokimiyat organlariga IMV mablag‘larini ajratish uchun ular hududiy rejalashtirish sifati, kapital xarajatlarni boshqarish va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish kabi belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishganligi inobatga olinadi.

2030-yilga kelib, LPCP dasturi orqali mamlakatning 16 ta tuman va shaharlarida 1 millionga yaqin aholining turmush sharoitlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaxshilash rejalashtirilgan, bunda munitsipal xizmatlar va infratuzilma sifatini oshirishdan turmush sifati yaxshilanadigan benefitsiarlarning yarmini ayollar tashkil etadi.

Xususan, dastur 300 ming kishining transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaxshilash, shuningdek, 400 ming aholi uchun jamoat joylari va bog‘larni rivojlantirishni ta’minlaydi.

Dastur doirasida infratuzilma loyihalarining amalga oshirilishi qurilish sohasida 10 mingga yaqin vaqtinchalik ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.


Avvalroq Jahon banki O‘zbekistonga ta’lim krediti uchun $250 mln ajratishi haqida xabar berilgandi.

Mablag‘larning 80%i kam ta’minlanganlar va xotin-qizlarga beriladi. Kredit olish uchun yangi onlayn platforma ishga tushiriladi.