Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekiston uchun $250 mln miqdoridagi kreditni ma’qulladi.

Ushbu mablag‘lar oliy, texnik va kasb-hunar ta’limi tizimida talabalarni moliyalashtirishdan teng foydalanishni kengaytirishga qaratilgan dasturni (“EduImkon” dasturi) amalga oshirish uchun mo‘ljallangan.

2028-yil dekabrigacha ushbu dastur talabalarni moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirishga va butun mamlakat bo‘ylab 600 ming yoshlar uchun ta’lim kreditlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yordam beradi.

Dasturiy mablag‘larning qariyb 80%i kam ta’minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan talabalar va xotin-qizlarga kredit ajratishga yo‘naltiriladi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, oliy ta’lim qamrovi olti baravarga oshdi — 2017-yildagi bitiruvchilarning 8% idan 2024-yilda 48% gacha yetdi. Shu bilan birga, abituriyentlar soni ko‘payishi natijasida davlat yordamida mahalliy banklar orqali amalga oshiriladigan talabalarni kreditlash tizimiga tushadigan yuk ham oshdi.

Talabalarni moliyalashtirishning amaldagi tizimi mehnat bozori talablarini yetarli darajada hisobga olmayapti. Bunga eng ko‘p talab qilinadigan sohalar — aniq fanlar, texnologiyalar, muhandislik, matematika (STEM) va IT sohasida ta’lim olish uchun kreditlar yetishmasligi dalil bo‘ladi.

Bundan tashqari, STEM yo‘nalishlarida tahsil olayotgan ayollarning yetishmasligi kuzatilmoqda. Ularning ulushi ushbu sohadagi talabalar oqimining atigi uchdan birini tashkil etadi, holbuki jami talabalarning 55%ini ayollar tashkil qiladi.

EduImkon dasturi talabalarni moliyalashtirish sohasidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan. Xususan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ta’lim krediti uchun arizalarni soddalashtirgan holda ko‘rib chiqish maqsadida yagona onlayn platformani ishga tushiradi.

Shuningdek, “EduImkon” dasturi qo‘shimcha $30 mln xususiy kapitalni jalb qilishga yordam beradi. Bu talabalarni kreditlash imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi va davlat budjetiga bosimni kamaytiradi.

Avvalroq Jahon banki O‘zbekistonga iqtisodiy islohotlar uchun $800 mln imtiyozli kredit ajratishi haqida xabar berilgandi.

Mablag‘lar hukumatga uzoq muddatli qaytarish shartlari asosida past foiz stavkasi bilan taqdim etiladi. Bu hukumatga turli strategik muhim sohalarda davlat siyosatining shoshilinch choralarini amalga oshirishda yordam beradi.

Jumladan, elektr energiyasi, issiqlik ta‘minoti va gaz iste’moli uchun kam ta‘minlangan oilalarga bir martalik yillik moddiy yordam puli 270 ming so‘mdan 1 mln so‘mga oshiriladi.

Ayollarni ish joyidagi jinsiy zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilishga qaratilgan me‘yoriy-huquqiy baza va mexanizmlar rivojlantiriladi. Ish beruvchilarga homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ish haqini kamaytirish yoki ishdan bo‘shatish taqiqlanadi.