O‘zbekiston Quvaytdan aviatashuvlar uchun yoqilg‘i sotib olmoqchi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Vazir Laziz Qudratov Quvayt neft vaziri va Kuwait Petroleum Corporation raisi Tareq Suleiman Al-Roumi hamda savdo va sanoat vaziri Xalifa Al-Askar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralarda neft-gaz va neft-kimyo sohalarida hamkorlik, logistika va savdo, O‘zbekiston aviakompaniyalari uchun aviatsiya yoqilg‘isini yetkazib berish, meva-sabzavot mahsulotlari eksportini kengaytirish muhokama qilindi.
Shuningdek, standartlarni o‘zaro tan olish va laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish masalalari bo‘yicha so‘z bordi.
Quvayt Davlatining elektroenergetika, suv resurslari va qayta tiklanuvchi energetika vaziri, moliya vaziri v.b. hamda iqtisodiy masalalar va investitsiyalar bo‘yicha vazir v.b. doktor Sabih Abdulaziz Al-Muhayzim bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Fors ko‘rfazi mamlakatlari — Markaziy Osiyo Taraqqiyot jamg‘armasini tashkil etish tashabbusi va boshqa o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Al-Muxayzim “yashil” energiya, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida hamkorlik istiqbollarini taʼkidlab o‘tdi. Vazir raqamli soha va sunʼiy intellekt rivojlanishi, fan va taʼlim sohalarida hamkorlikning muhimligini alohida qayd etdi.
The Times Kuwait nashrining xabar berishicha, Qudratov neft-kimyo sohasi va qurilishda aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirgan. Quvaytda O‘zbekistonning savdo vakili ish boshlaydigan bo‘lib, u ikki mamlakat tadbirkorlariga aloqalar o‘rnatish va bozorlarga chiqishda ko‘maklashadi.
Shuningdek, Qudratov Samarqanddan Quvaytga yangi yo‘nalish bo‘yicha tovarlarning sinov jo‘natmalari yo‘lga qo‘yilganini maʼlum qildi. Bu jarayon 15 kun davom etdi. Uning aytishicha, Fors ko‘rfazining shimoliy qismida joylashgan Eronning Xorramshahr porti orqali o‘tadigan muqobil yo‘l bu vaqtni 7−8 kungacha qisqartirishi mumkin.
Bundan tashqari, vazir O‘zbekiston-Quvayt biznes-forumida ishtirok etdi hamda elektron tijorat, islomiy moliya, qurilish, sanoat va sog‘liqni saqlash sohalarida Quvayt ishbilarmon doiralari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tashrif yakunida iqtisodiy sheriklikni yana-da chuqurlashtirish uchun mustahkam asos yaratgan qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Avvalroq Quvayt kompaniyasi O‘zbekistonda islomiy bank tashkil etishga qiziqayotgani haqida xabar berilgandi.
