Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va kelgusi yilga yangi marralarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tgan to‘qqiz yilda Toshkent shahri iqtisodiyotiga $20 mlrddan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritildi, 5 mingga yaqin yirik loyiha ishga tushdi. Jon boshiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya 2017-yildagi $71 dan $2,2 mingga oshdi.

Shaharda tijorat maydonlari 14 karra ko‘payib, 67 mln kvadrat metrga yetdi, tadbirkorlar soni 140 mingga yaqinlashdi. Tun-u kun ishlaydigan savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari soni 3 mingdan oshdi.

Toshkentga 1 mingta zamonaviy elektrobus va avtobus olib kelinib, 168 ta yangi yo‘nalish ochildi. Qo‘shimcha 33 kilometr metro liniyasi va 21 ta yangi stansiya qurildi. Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusoboddagi 1 mlnga yaqin aholiga metro xizmatlari yaqinlashdi.

Uy-joylar qurish ko‘lami ham keskin oshdi. Avvallari Toshkentda yiliga ko‘pi bilan 2−2,5 ming xonadon qurilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 15,5 mingdan oshdi.

So‘nggi uch yilda 3,5 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratilib, poytaxt aholisi va tadbirkorlarning elektr ta‘minotini yaxshilash boshlandi. Kelasi yili ham bu maqsadlarga yana 1,5 trln so‘m beriladi.

Umuman, poytaxt iqtisodiyoti oxirgi to‘qqiz yilda 2,5 barobar o‘sib, joriy yil $27 mlrdga yetadi. Aholi jon boshiga daromad esa 4,4 mingdan $8,6 mingga ko‘paydi.

Natijada kambag‘allik darajasi yil boshidagi 7,3%dan 1%ga, ishsizlik esa 4,5%dan 3,5%ga pasayadi.


Avvalroq qurilish vazirligining Toshkentdagi ma’muriy binosi 182,5 mlrd so‘mga sotilgandi.