Space X va Tesla asoschisi Ilon Mask $600 mlrdlik boylikka ega bo‘lgan tarixdagi birinchi odam bo‘ldi. Bu haqda Forbes xabar bermoqda.
Tadbirkor aktivlarining umumiy qiymati 15-dekabr kuni AQShning sharqiy sohili vaqti bilan soat 12:00 holatiga ko‘ra taxminan $677 mlrdga yetdi.
Mask oktabr oyida ham boyligi $500 mlrdga yetgan tarixdagi birinchi shaxs bo‘lgandi. U dunyodagi birinchi trillionerga aylanish uchun yana bir ulkan qadam tashladi, deyiladi xabarda.
2021-yil noyabr oyida Maskning boyligi $300 mlrdga, 2024-yil dekabr oyida $400 mlrdga, joriy yilning oktabr oyida esa $500 mlrdga yetdi. (Oracle kompaniyasidan Larri Ellison $300 va $400 mlrdlik cho‘qqini zabt etgan yagona boshqa milliarderdir.)
Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, Mask 2033-yil martiga kelib dunyodagi birinchi trillionerga aylanishi mumkin. Bunga erishish uchun unga Tesla rahbariyati yaqin 10 yil ichida bir qator maqsadlarga erishganida unga berishga va’da bergan yangi aksiyalar paketi yordam beradi.
Bloomberg reytingiga ko‘ra, 16-dekabr holatiga Maskning boyligi qariyb $167 mlrdga oshib, $638 mlrdni tashkil etmoqda.
Maskdan keyingi o‘rinda Oracle hammuassisi Larri Ellison $265 mlrd boylik bilan egallab turibdi. Kuchli uchlikni Google asoschilaridan biri Sergey Brin $246 mlrd bilan yakunladi.
Avvalroq Spot Ilon Mask Marsda yashashi va u yerda vafot etishi mumkinligini tan olgani haqida yozgandi.
Tadbirkor Mars Amerikaning bir qismi bo‘lishini ta’kidladi, ammo bu bilan nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritmadi.
