16-dekabr kuni E-auksion platformasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi binosi bo‘yicha savdolar bo‘lib o‘tdi.
Auksion 1 soat 7 daqiqa davom etib, 8 ta stavkadan so‘ng yakunlandi.
Lot uchun 182,477 mlrd so‘m — boshlang‘ich narxdan 40% yuqori narx taklifi bilan O‘zshahar Qurilish Invest kompaniyasi g‘olib bo‘ldi.
KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zshahar Qurilish Invest 2017-yil yanvar oyida Toshkent shahrida tashkil etilgan bo‘lib, uy-joy qurilishi bilan shug‘ullanadi. Korxonaning ustav fondi — 1 mlrd so‘m, yagona ta’sischisi esa Nuriddin To‘yiyevich Qodirov hisoblanadi. Rahbar — Saatov Baxtiyor Mamadiyevich.

Hukumatning mart oyidagi davlat organlari binolarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra, Qurilish vazirligining ma’muriy binosi noyabr oyida sotuvga qo‘yilgandi. Yetti qavatli bino poytaxtning Shayxontohur tumani Abay ko‘chasi 6-uy manzilda joylashgan.
Bino va inshootlarning umumiy maydoni 11 725 kv.metrni, tutash hudud esa 0,48 gektarni tashkil etadi. Barcha kommunikatsiyalar — elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi, kanalizatsiya bor.
Davaktiv agentligi Toshkent shahridagi boshqa bir qator obyektlar — xususan, Transport vazirligi, O‘zavtoyo‘l, UzTest, O‘zakk akkreditatsiya markazi va Ekoekspertiza markazi binolarini ham savdoga qo‘ydi. Barcha tashkilotlar Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Avvalroq Spot adir yerlar qiymatining 1%i bilan auksionda sotilishi, g‘oliblar ularni qayta ijaraga berishi va ijara huquqini bepul rasmiylashtirishi mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.
