Tesla Texas shtatining Ostin shahrida haydovchisiz robotaksini sinovdan o‘tkazishni boshladi.

13-dekabrda ijtimoiy tarmoqlarda Tesla Model Y rusumli haydovchisiz yurayotgan bo‘sh yo‘ltanlamas avtomobil videosi paydo bo‘ldi, deya xabar bermoqda TechCrunch.

Ilon Mask kompaniya haydovchisiz harakatlanishni sinovdan o‘tkazishni boshlaganini tasdiqladi, ammo yo‘lovchilar uchun bu imkoniyat hozircha mavjud emas.

Shundan so‘ng, Tesla aksiyalari 4,9% ga ko‘tarilib, yillik eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan $488,54 ga yaqinlashgani Reuters tomonidan qayd etildi.

Investorlar va tahlilchilar kompaniya “sinovlarni tez o‘tkazishi” va haydovchisiz sayohatlarni yo‘lga qo‘ya olishiga ishonch bildirmoqda.

Ostinda robotaksini sinovdan o‘tkazish Tesla tomonidan 2025-yil iyun oyida boshlangan. Hozircha safarlar safar xavfsizligini nazorat qiluvchi kompaniya xodimi ishtirokida amalga oshirilmoqda. Shahardagi park taxminan 25−30 ta avtomobildan iborat, deya aniqlik kiritdi TechCrunch.

Tesla robotaksilari sinovlari boshlanganidan buyon kamida yetti marta yo‘l-transport hodisasiga uchragan, bu kompaniyaning Milliy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga topshirgan hisobotidan ma’lum bo‘lmoqda. Biroq, ushbu hodisalarning tafsilotlari hali noma’lum qolmoqda.


Avvalroq Spot Ilon Mask Tesladan $1 trlnlik mukofot paketini olishi haqida yozgandi.

Mukofot paketini tasdiqlashni kompaniya aksiyadorlarining 75%dan ko‘prog‘i ma’qullagan.