Wildberries O‘zbekistonda WB Taxi xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda RVB MCHJ — Wildberries va Russ birlashgan kompaniyasi matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
Dastlabki bosqichda WB Taxi xizmatida safarlar Toshkent shahri ma’muriy hududlari doirasida amalga oshiriladi.
Foydalanuvchilar uchun to‘rtta tarif taklifi mavjud: Standart, Komfort, Komfort Plus va Multi. Oxirgi tarif bir vaqtning o‘zida bir nechta tariflarda avtomobil qidirish orqali mashina kelishini tezlashtirish imkonini beradi.
Ilovani o‘rnatgan har bir foydalanuvchiga xizmatning virtual valyutasi — 20 ming “tarvuz” sovg‘a qilinadi, ulardan safarlar uchun to‘lovlarda foydalanish mumkin. Naqd pulsiz hisob-kitoblar uchun esa safar qiymatining 50% miqdorida keshbek “tarvuz"larda hisoblanadi.
Shu bilan birga, ilovada 24/7 ovozli qo‘llab-quvvatlash xizmati mavjud. Shuningdek, foydalanuvchilar chat orqali savollar berishi va fikr-mulohazalarini qoldirishi mumkin.
Ilova Android (Play Market) va iOS (App Store) versiyalarida mavjud. Yangi foydalanuvchilar boshqa mijozlarning shaxsiy taklifnoma havolasi yoki kutish ro‘yxati orqali mustaqil ariza topshirib qo‘shilishlari mumkin.
Wildberries noyabr oyi oxirida O‘zbekistonda taksi xizmatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Xizmatni “yopiq klub” formatida sinovdan o‘tkazishi mumkin bo‘lgan foydalanuvchilarning birinchi to‘lqiniga marketpleys xodimlari va hamkorlari kiradi.
“Yopiq klub formatida boshlash bizga xizmatni rivojlantirish masalalariga maksimal darajada e’tibor qaratish imkonini beradi. Biz mahsulotni tizimning barcha elementlari ishini sinchkovlik bilan kuzatib, bosqichma-bosqich ishga tushiramiz. Klub a’zolarining fikr-mulohazalari bizga xizmatni yaxshilash va ko‘lamni kengaytirishga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi,” — dedi WB Taxi rahbari Anatoliy Smorgonskiy.
KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, WB Taxi joriy yilning iyun oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav fondi 500 ming so‘m bo‘lgan kompaniya “taksi faoliyati” bilan shug‘ullanadi. Ta’sischilar Wildberries’ning sho‘ba korxonasi bo‘lgan WB Int Export (99%) va RVB MCHJ (1%) birlashgan kompaniyasi hisoblanadi. Rahbar — Akmal Primqulov, u ham Wildberries kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori hisoblanadi.
Avvalroq Spot Wildberries O‘zbekistonda $142 mlnga yirik logistika markazi qurishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
