O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi vizalarni soddalashtirish bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqining Ichki ishlar va migratsiya bo‘yicha bosh direktorati ekspertlari bilan vizalarni soddalashtirish masalalariga bag‘ishlangan muzokaralarning birinchi bosqichini o‘tkazdi.

TIV Konsullik-huquqiy departamentiga ko‘ra, uchrashuvda mehnat yoki o‘qish maqsadida Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga borayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartib-taomillarini soddalashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, yuk mashinalari haydovchilari va turistik guruhlar uchun vizalarni yengillashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Yevropa tomoni o‘zbekistonliklar uchun vizalarni soddalashtirish masalasini Yevrokomissiya yig‘ilishi kun tartibiga kiritish uchun bajarilishi zarur bo‘lgan bir qator shartlarni belgilab berdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan maqsadlarga “tez fursatda erishish uchun” shu kabi muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldi.

Noyabr oyida YIning O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kelgusida viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha muzokaralar boshlanishi mumkinligi, ammo bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ma’lum qilgandi.

Elchi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolangandan so‘ng vizalar bo‘yicha muzokaralarda muvaffaqiyatga erishgan Yevropa Ittifoqi va Qozog‘iston misolini keltirdi.

“Menimcha, O‘zbekiston bilan ham shunday jarayon bo‘lishi mumkin. Lekin bu ertagayoq sodir bo‘lmaydi. Hammasi munosabatlarimiz qanchalik mustahkamlanishiga bog‘liq bo‘ladi, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim esa buning uchun yaxshi asos bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi diplomat.

Toyvo Klaar viza tartibini soddalashtirish O‘zbekiston fuqarolari uchun “qanchalik muhim va qiziqarli ekani"ni tushunishini qayd etdi. “Lekin biz Kengaytirilgan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni endigina imzolaganimiz uchun buni bosqichma-bosqich olib borishimiz kerak”, — dedi u. Elchining so‘zlariga ko‘ra, hujjat bu masalada muloqot imkoniyatini nazarda tutadi.

24-oktabr kuni O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagandi.

Oktabr oyida O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasida viza rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.


Spot, avvalroq, O‘zbekiston va AQSh viza rejimini soddalashtirishni muhokama qilishi haqida yozgandi.