O‘zbekiston va AQSh fuqarolar va biznes uchun viza rejimini soddalashtirish masalasini ko‘rib chiqmoqchi. Bu haqda transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Transport vaziri o‘rinbosari Uzbekistan Airways va Boeing o‘rtasida 22 ta 787−9 Dreamliner samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilishi uzoq yo‘nalishlarga, shu jumladan AQSh shaharlariga parvozlar geografiyasini kengaytirish imkonini berishini ta’kidladi.
“Yaqinda qabul qilingan amerikaliklar uchun vizalarni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni hisobga olgan holda, bu yerda turizm ham rivojlanadi. Fuqarolarimiz va biznes uchun [viza tartibini] soddalashtirish masalasi ko‘rib chiqiladi”, — dedi vazir o‘rinbosari.
O‘zbekiston AQSh fuqarolari uchun vizalarni bekor qiladi. Prezident farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab amerikaliklar uchun respublika hududiga kirgan kundan boshlab 30 kungacha vizasiz rejim belgilanadi.
Joriy yil may oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlarini tasdiqlagan edi. Xususan, prezident Tashqi ishlar vazirligiga AQSh fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz rejim bo‘yicha takliflar kiritishni topshirdi. O‘z navbatida, Amerika tomonidan o‘zbekistonliklar uchun viza talablari yengillashtirilishi kutilgan edi.
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari maslahatchisi Komil Allamjonov xabar berishicha, oktabr oyidagi uchrashuv chog‘ida AQSh Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau va AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor amerikaliklar uchun vizalarni bekor qilish masalasini ko‘targan. Allamjonovning aytishicha, O‘zbekiston AQShlik sayyohlar uchun ochiq.
U B1/B2 (xususiy yoki ishbilarmonlik safari) vizalarining muddatini 1 yildan 10 yilgacha uzaytirishni “O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lidagi katta qadam” bo‘lishini ta’kidladi.
Avvalroq O‘zbekiston $8,5 mlrdga 22 ta Boeing 787 Dreamliner samolyotini sotib olishi haqida xabar berilgandi.
