Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi xabar berdi.

16-dekabr kuni Bishkekda o‘tkazilgan marosimda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qo‘shma loyiha kompaniyasi hamda Xitoy Davlat taraqqiyot banki va Eksimbankini o‘z ichiga olgan Xitoy banklari sindikati o‘rtasida temir yo‘l qurilishi loyihasini moliyalashtirishga mo‘ljallangan kredit bitimi imzolandi.

Temir yo‘l loyihasining umumiy qiymati $4,7 mlrdga baholanmoqda. Shundan qariyb $2,3 mlrdi Xitoy tomonidan 35 yil muddatga qo‘shma loyiha kompaniyasiga kredit sifatida ajratiladi va ushbu mablag‘ning qaytarilishi bevosita kompaniya tomonidan amalga oshiriladi.

Qolgan $2,3 mlrd esa uchta davlat tomonidan qo‘shma kompaniyaning ustav kapitaliga quyidagi ulushlarda kiritiladi: Xitoy — 51%, Qirg‘iziston va O‘zbekiston — har biri 24,5% dan.

Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Bakit Toroboyev investitsiya bitimining muhim bandlaridan biriga ko‘ra, loyihaning to‘liq moliyaviy ta’minoti 2025-yil 20-dekabrga qadar yakunlanishi lozimligini va bu talab mazkur tadbirda muvaffaqiyatli bajarilganini ta’kidladi. “Bu qo‘shma loyiha kompaniyasining xalqaro darajadagi loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini yaqqol ko‘rsatadi” — dedi u.

Shuningdek, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li kompaniyasi bosh direktori Chjou Sin kompaniya jalb qilingan mablag‘lardan samarali foydalanish, shuningdek, bitim bo‘yicha barcha majburiyatlarning ishonchli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashga e’tibor qaratishini bildirdi.

Bundan qariyb bir yil avval — 2024-yilning 27-dekabr kuni Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga start berilgandi. Umumiy uzunligi 532,53 km bo‘lgan temir yo‘l yo‘nalishda yiliga 15 mln tonna yuk tashish, kelgusida yo‘lovchi poyezdlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Joriy yilning aprel oyi oxirida Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzak tumanida loyiha doirasida muhim obyektlar qurilishi boshlandi. Har birining uzunligi 10 kmdan ortiq bo‘lgan 3 ta tunnel quriladi. Iyun oyi oxirida esa temir yo‘lning butun uzunligi bo‘ylab to‘liq hajmdagi qurilish ishlari boshlandi.

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining qariyb 40%i tonnel va ko‘priklar orqali o‘tadi. Loyiha doirasida 27 ta tonnel va 41 ta ko‘prik qurish, ishlarni 2030-yilgacha yakunlash rejalashtirilgan.

Avvalroq Hyundai Rotem O‘zbekistonga yuqori tezlikdagi poyezdlarining birinchi partiyasini jo‘natgani haqida xabar berilgandi. “Jaloliddin Manguberdi” nomli poyezdning birinchi partiyasi yetti vagondan iborat bo‘lib, 2026-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonga yetkazilishi kutilmoqda.