O‘zbekiston Tojikistonga elektr energiyasi yetkazib berishni boshladi. Bu haqda Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligiga tayanib, Aziya Plyus axborot agentligi xabar berdi.

Hozirda mamlakatga sutkasiga 2 mln kVt/soatgacha elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. O‘zbekiston energetika tizimining imkoniyatlari kengayishi bilan ushbu hajm oshirilishi mumkin.

Nashrning qayd etishicha, Tojikiston tashqi bozorga chiqish imkoniyatiga faqat mamlakatning janubi-g‘arbiy qismida, O‘zbekiston energotizimi orqali — 500 kV kuchlanishli “Regar-G‘uzor” elektr uzatish tarmog‘i orqali ega. Turkmaniston va Qozog‘istondan elektr energiyasi tranzitini ta’minlash uchun O‘zbekiston energotizimining o‘tkazuvchanlik imkoniyatlarini inobatga olgan holda masalalarni kelishish talab etiladi.

O‘zbekiston Energetika vazirligi Spot’ga Tojikistonga elektr energiyasi yetkazib berish boshlanganini izohladi. Ta’kidlanishicha, hamkorlik ikki davlat o‘rtasida suv-energetika tizimlari faoliyatini muvofiqlashtirish, suv resurslaridan oqilona va barqaror foydalanish doirasida amalga oshirilmoqda.

“Bu, o‘z navbatida, mavsumiy suv va elektr energiyasi taqchilligining oldini olish, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va ekotizimni muhofaza qilish orqali mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanish uchun mustahkam zamin yaratadi”, — deyiladi xabarda.

O‘tgan hafta energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston qo‘shni davlatlar — Qirg‘iziston va Tojikistonga 2,6 mlrd kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Bu vegetatsiya davrida suvga bo‘lgan talabni talab darajasida ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston Qirg‘iziston va Tojikistonga elektr energiyasi yetkazib berishni ko‘paytirdi, chunki bu yil yoz oylarida deyarli yog‘ingarchilik bo‘lmagani sababli suv 35% ga kamaydi. Natijada, yozda mahalliy fermerlar sug‘orish uchun suv tanqisligini sezmadi.

“Ilgari biz sof importyor bo‘lgan bo‘lsak, ya’ni elektr energiyasi importi eksportdan yuqori bo‘lgan bo‘lsa, bu yildan boshlab ijobiy balansga o‘tib, sof eksportyorga aylandik. Bu qo‘shimcha zaxiralar va energiya quvvatlarini yaratish orqali amalga oshirildi”, — dedi vazir.

Yaqinda Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston Jahon bankining REMIT dasturi ko‘magida chegara hududlaridagi elektr uzatish liniyalarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish bilan shug‘ullanayotganini ma’lum qilgandi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 10 oyida elektr energiyasi eksporti 50% dan ko‘proqqa oshib, $129,7 mlnni tashkil etdi. Import esa 13,7% ga qisqarib, $88,6 mlnga tushdi. Elektr energiyasi eksporti va importi o‘rtasidagi ijobiy farq $41,1 mlnni tashkil etdi.

Avvalroq Spot Yunusobodda 100 MVt quvvatga ega yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushgani haqida yozgandi.