Avvalroq Toshkentga kirishdagi nazorat postlari shahar tashqarisiga ko‘chirilishi, poytaxtga kelganlar avtomobilini o‘sha yerda qoldirishi haqida xabar berilgandi.
Poytaxt hokimligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida transport tizimini tashkil etishdagi o‘zgarishlar noto‘g‘ri talqin qilingani bo‘yicha tushuntirish berdi.
Maʼlum qilinishicha, viloyatlardan Toshkent shahriga avtomobillar kirishiga hech qanday cheklov yoki taqiq joriy etilishi rejalashtirilmagan. O‘zgarishlar nazorat-o‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilish va ular negizida zamonaviy transport tugunlarini barpo etishni nazarda tutadi.
Xususan, ayrim nazorat-o‘tkazish punktlari shahar tashqarisiga ko‘chiriladi, qolgan qismi esa qayta quriladi. Ushbu hududlarda katta avtoturargohlar, dam olish zonalari hamda shaharga tez va qulay yetib olishni taʼminlaydigan jamoat transporti infratuzilmasi tashkil etiladi.
Takidlanishicha, bu imkoniyat ixtiyoriy bo‘lib, haydovchilar shaharga kirishda avtomobilni qoldirib, yo‘lni jamoat transportida davom ettirishi yoki avvalgidek shaxsiy avtomobilga kirishni tanlashi mumkin. Bunday Park & Ride modeli dunyoning yirik shaharlarida keng qo‘llaniladi.
Mazkur chora-tadbirlar Toshkent aholisi uchun transport yuklamasini kamaytirish, tirbandliklar va ekologik holatni qisqartirishga xizmat qiladi. Shahar mehmonlari esa markazda to‘xtash joyi izlash zaruratisiz harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Gap taqiqlar yoki cheklovlar haqida emas, balki fuqarolar tanlovini kengaytirib, shahar qulayligini izchil oshiradigan transport oqimini boshqarishning zamonaviy va moslashuvchan tizimini shakllantirish haqida ketmoqda”, — deyiladi xabarda.
Oktabr oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkentga kirishdagi postlar ko‘chirilishi, shahar atrofida avtovokzal va avtoturargohlar qurilishi aytilgandi. Keyinroq esa davlat rahbariga poytaxt va unga tutash hududlardan keladigan yuk avtomobillari uchun avtoturargohlar qurish loyihasi taqdim etildi.
Avtoturargohlarni “Erkin”, “Sharq”, “Bektemir”, “Uch qahramon” hamda “A.Turbanov” yo‘l-patrul xizmati maskanlari yaqinida qurish rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, bu yerda avtovokzal va kemping ham joylashadi.
Avvalroq Toshkentda qiymati $1 mlrdlik Uchtepa City loyihasi amalga oshirilishi haqida xabar berilgandi.
