Coursera ta’lim platformasi u bilan raqobatlashuvchi Udemyni sotib oladi, deya xabar bermoqda Reuters nashri.

Kompaniyalar $2,5 mlrdlik firmaga birlashib, xodimlarining sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahlili ko‘nikmalarini rivojlantiradi.

Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, Udemy aksiyadorlari o‘zlarida mavjud bo‘lgan har bir aksiya uchun Coursera’ning 0,8 ta aksiyasini olishadi. Buning natijasida Udemy’ning umumiy qiymati taxminan $930 mlnga baholanmoqda.

Bitimni 2026-yilning ikkinchi yarmida yopish rejalashtirilgan — undan oldin uni regulyatorlar ma’qullashi kerak.

Coursera va Udemy AQShdagi eng yirik ta’lim platformalari hisoblanadi. Kompaniyalar birlashgan korxona xodimlarni o‘qitish talabini, ayniqsa sun’iy intellekt, ma’lumotlarni tahlil qilish va dasturiy ta’minot ishlab chiqish sohalarida, yanada samaraliroq qondira olishiga umid qilmoqda.

2023-yili O‘zbekistonda Coursera bilan onlayn kurslarning yangi mahalliy platformasi ishga tushirilgandi.

Joriy yilning aprelidan Coursera masofaviy ta’lim platformasi O‘zbekistonda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgandi.

Hozirda Coursera platformasida 1,5 mlndan ortiq o‘zbekistonlik o‘rganuvchilar onlayn ta‘lim olmoqda. Platforma Google, AWS, Nvidia, Meta va Microsoft kabi jahon miqyosidagi yetakchi texnologiya kompaniyalari bilan o‘quv dasturlarni yaratish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatgan.

Noyabr oyida Coursera platformasining 3000 dan ortiq kurslari o‘zbek tiliga tarjima qilinishi haqida xabar berilgandi. AQSh onlayn ta‘lim platformasining kurslarini bitirganlarning ish bilan ta‘minlanishi qo‘llab-quvvatlanadi.