Avvalroq qurilish vaziri O‘zbekistonda 38 ming xonadondan iborat noqonuniy qurilgan ko‘p qavatli uylar mavjudligini maʼlum qilgandi. Vazirlik matbuot xizmati ushbu fikrlar turli mulohazalarga sabab bo‘layotgani bois tushuntirish berdi.
Qayd etilishicha, mazkur holatlar yillar davomida to‘planib qolgan va aniqlangan kamchiliklar hisoblanadi. Vazir ham o‘z nutqida mazkur qurilishlar 2018−2019-yildan boshlab hozirgacha qurilgan obyektlar ekanini taʼkidlagan.
Qurilish sohasida aniqlangan qonunbuzarliklar bugungi kunda ochiq aytilayotgan va tizimli tarzda bartaraf etilayotgan muammo ekanligi bildirildi.
“Aytilayotgan raqamlar kimgadir ayb yuklash uchun emas, balki yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni yashirmasdan, ochiq tan olish va isloh qilish maqsadida bildirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda noqonuniy qurilishlar qayta xatlovdan o‘tkazilmoqda va xavfsizlik va texnik holat qayta ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, ruxsat berish va nazorat tizimi tubdan raqamlashtirilmoqda.
“Asosiy maqsad fuqarolar xavfsizligi va bunday holatlar takrorlanmasligini taʼminlashdan iborat. Shu o‘rinda ayni mavzu to‘g‘ri talqin qilinishi va savollar yuzasidan vazirlik hamisha ochiq ekanligini ta‘kidlab o‘tamiz”, — deyiladi vazirlik xabarida.
17-dekabr kuni qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda noqonuniy deb topilgan uy-joylarni aniqlash mezonlarini sanab o‘tgandi:
- yer ajratish bo‘yicha ruxsatnoma yoki hokim qarorisiz qurilish olib borilishi;
- loyihaning Arxitektura-shaharsozlik kengashida ko‘rib chiqilmaganligi;
- obyekt xavfsizligini belgilovchi davlat ekspertizasidan o‘tkazilmaganligi;
- hukumat huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 38 ming xonadonli noqonuniy qurilgan uy-joylar bo‘yicha ishchi guruh tuzilgan. Uning vakillari joylarga chiqqan holda obyektlarning seysmik mustahkamligini o‘rganadi. Bunda malakali konstruktorlar ishtirokida texnik tekshiruv shaklida instrumental tekshiruv o‘tkaziladi. Undan keyin boshqa masalalar ko‘rib chiqilib, zarur hujjatlar rasmiylashtiriladi.
Avvalroq Toshkent bosh rejasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha hukumat qarori tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.
