O‘zbekiston va Tojikiston chegarasida savdo, logistika va tibbiyot markazlari tashkil etiladi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva maʼlum qildi.
17-dekabr kuni Mirziyoyeva Samarqand viloyatining Urgut tumanida bo‘lib, chegara hududida amalga oshirishilishi rejalashtirilayotgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
O‘zbekiston-Tojikiston chegarasida savdo, logistika va tibbiyot markazlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Administratsiya rahbari bundan maqsad hududni tranzit nuqtadan iqtisodiy faoliyat markaziga aylantirish ekanini qayd etdi.
Yangi logistika markazi kuniga 100 tagacha yuk avtomobiliga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan.


Saida Mirziyoyeva bu yerda logistika faqat tashish emas, balki mahsulot qiymatini oshiruvchi bosqich sifatida ko‘rilayotganini qayd etdi. “Bojxona jarayonlarida byurokratiya qisqarib, tezlik va shaffoflik oshiriladi”, — dedi u.
Bundan tashqari, diagnostika markazida 200 nafar bemor uchun sharoit yaratish ko‘zda tutilmoqda. Loyiha taqdimotidan ma’lum bo‘lishicha, tibbiyot markazi loyihasining qiymati $2 mlnni tashkil etib, u 0,8 gektar maydonda joylashadi.


Markazda 100 kishi ish bilan taʼminlanadi. Bu yerda barcha turdagi qon testlari uchun laboratoriya tashkil etiladi. Loyiha 2027-yili ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, chegara hududida barpo etiladigan savdo markazida 800 nafar tadbirkor uchun sharoitlar yaratiladi.
“Bu orqali Tojikiston fuqarolari ham pasport nazorati, ortiqcha hujjat va navbatlarsiz savdo qilishlari, tibbiy xizmatlardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Odamlar uchun qulaylik oshadi va iqtisodiy aloqalar yanada kuchayadi”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Noyabr oyida prezidentning Samarqandga tashrifi doirasida o‘tkazilgan yig‘ilishda Urgutdagi Tinchlik mahallasi hududidan logistika markazi qurish uchun 5 gektar joy ajratilishi ma’lum qilingandi. Unda 5 mlrd so‘mlik infratuzilma qilib berilsa, 100 ga yaqin do‘kon, oshxona va servis obyektlari qurmoqchi bo‘lganlar ko‘pligi taʼkidlangan edi.
Bundan tashqari, Samarqand shahrida yuk transporti harakatini kamaytirish uchun Oqdaryo, Toyloq va Samarqand tumanidan o‘tuvchi magistral yo‘l bo‘yida 4 ta logistika markazi barpo etiladi.
Avvalroq Turkiya kompaniyasi Samarqanddagi loyihalarga $4 mlrd investitsiya kiritishi haqida xabar berilgandi.




