Senatning 12-yalpi majlisida 2026-yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Senatorlar 2026-yil davlat budjeti aholi turmush darajasini yaxshilash va xalq farovonligini oshirishga qaratilganini taʼkidladi.
Budjetda “yashil iqtisodiyot"ni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash va taʼlim sohasini kengaytirish kabi ijtimoiy yo‘nalishlarga ustuvorlik berilgani aytildi.
Jumladan, budjet xarajatlarining qariyb 55%i yoki 220 trln so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Davlat budjeti xarajatlari tarkibida taʼlim sohasi uchun 100 trln so‘m nazarda tutilgan, tibbiyot sohasiga esa 49 trln so‘m yoki joriy yilga nisbatan 11,4%ga oshirilmoqda.
Qonunga asosan kelgusi yilda inflyatsiya darajasi 7% atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
2026-yilda budjet xarajatlari 402,6 trln so‘mni, daromadlari esa 368,9 trln so‘mni tashkil etmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari esa 78,6 trln so‘m, xarajatlari 74,4 trln so‘m (budjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) miqdorida rejalashtirilmoqda.
Xususan, mazkur qonunda 2026-yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trln so‘m, xarajatlar esa 567,6 trln so‘m miqdorida shakllantirilgan. Bunda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3%dan oshmasligi vazifasi nazarda tutilgan.
Muhokama jarayonida senatorlar budjet daromadlarini oshirish va budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanishga alohida eʼtibor qaratdi.
Senatorlar 2026-yilda makroiqtisodiy siyosat bo‘yicha ustuvor vazifalarni bajarishga eʼtibor qaratish zarurligini bildirdi.
Shuningdek, ular ijtimoiy muammolarni hal qilish, mahalla infratuzilmasini takomillashtirish va davlat dasturlaridagi boshqa tadbirlarni amalga oshirish muhimligini qayd etdi. Muhokama yakunida senatorlar qonunni maʼqulladi.
Bundan tashqari, senatorlar soliq va budjet siyosatining 2026-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi bois ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ham maʼqulladi.
2026-yili ham asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolmoqda:
- QQS — 12%;
- foyda solig‘ining bazaviy stavkasi — 15%;
- jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i — 12%;
- yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi — 1,5%;
- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i — 0,95%;
- ijtimoiy soliq — 12% (byudjet tashkilotlari — 25%);
- aylanmadan olinadigan soliq — 4%.
Mikrofirma va kichik korxonalar uchun soliq hisobotlarini o‘z vaqtida topshirmaganlik jarimasi kamaymoqda. So‘nggi uch oy davomida hisobotlarni o‘z vaqtida topshirgan soliq to‘lovchilar keyingi hisobotni besh ish kunigacha kechiktirsa, jarima qo‘llanmaydi.
Bir oyda bir nechta soliq hisobotlari kechiktirilgan taqdirda, barchasi uchun faqat bitta jarima qo‘llanadi.
Qonun mahalliy Kengashlarga qishloq xo‘jaligi yerlariga soliq stavkalarini oshirish yoki kamaytirish bo‘yicha koeffitsiyent belgilash vakolatini beradi. Shuningdek, lazer bilan tekislanmagan sug‘oriladigan yerlar uchun soliq stavkalari oshirilishi mumkin.
Dekabr oyi boshida deputatlar 2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilgandi.
Spot, avvalroq, 2026-yil uchun davlat budjeti loyihasida nimalar belgilangani haqida yozgandi.
