Buyuk Britaniya Rossiyaga nisbatan sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Bu haqda hukumat rasmiy saytida e’lon qilingan hujjatda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, Britaniya hukumati yangilangan ro‘yxatga 24 ta yangi shaxs va tashkilotni qo‘shgan. Ular orasida O‘zbekistondagi to‘rtta kompaniya va bir tadbirkor bor.

Ro‘yxatga kiritilganlarga nisbatan mamlakat hududidagi bank hisobvaraqlarini muzlatish, shuningdek, qo‘shimcha moliyaviy va biznes cheklovlari joriy etilishi belgilangan.

Hujjatda keltirilishicha, cheklovlar ostiga Farg‘ona kimyo zavodi, Gelion Business Trade, Chemistry International, Raw Materials Cellulose kompaniyalari, shuningdek, Toshkentda tug‘ilgan Rustam Mo‘minov tushgan.

Eng qat’iy choralar Farg‘ona kimyo zavodiga nisbatan qo‘llangan. Buyuk Britaniya rasmiylari korxonaning moliyaviy aktivlarini muzlatgan hamda unga nisbatan trast (ishonchli boshqaruv) xizmatlarini ko‘rsatishni taqiqlagan.

London versiyasiga ko‘ra, mazkur zavod Ukraina suverenitetini izdan chiqarishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan mahsulot yoki texnologiyalarni yetkazib bergan bo‘lishi ehtimoli mavjud.

Sanksiyalar Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan Gelion Business Trade kompaniyasiga ham tatbiq etilgan. Hujjatda qayd etilishicha, ushbu firma Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirishga xizmat qiluvchi tovarlar yetkazib berishda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin. Xuddi shunday asoslar bilan qolgan 3 ta kompaniyaga nisbatan ham cheklovlar joriy etilgan.

Sanksiyalar ro‘yxatida tadbirkor Rustam Mo‘minov ham bor. U Toshkentda tug‘ilgan bo‘lib, hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston, Isroil va Rossiya pasportlariga ega. Britaniya tomoni uni vaziyatni beqarorlashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan moliyaviy resurslar yoki xizmatlarni ta’minlaganlikda gumon qilmoqda.

May oyida Ukraina O‘zbekistonga tegishli uchta yuridik va bitta jismoniy shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy etdi.

Ular orasida O‘zbekistonning uchta kompaniyasi: Mercury Renaissance, uning sho‘ba korxonasi bo‘lgan Farg‘ona Kimyo Zavodi hamda Raw Materials Cellulose mavjud.

Shuningdek, bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston va Rossiya fuqaroligiga ega ekanligi ta’kidlanayotgan Rustam Mo‘minovga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etildi.

Yevropa Ittifoqi 23-oktabr kuni qabul qilingan 19-sanksiyalar paketiga Rustam Mo‘minovni ham kiritgandi. E’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, Mo‘minov O‘zbekiston, Rossiya va Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega ekan.

Yevropa Ittifoqi hujjatida qayd etilishicha, 1965-yilda tug‘ilgan Mo‘minov Rossiya harbiy-sanoat majmuasini qo‘llab-quvvatlash bilan aloqador bo‘lgan.

Bryusselning baholashicha, u Farg‘onadagi Farg‘ona Kimyo Zavodi paxta sellyulozasi zavodini nazorat qiladi. Uning mahsulotlari Perm va Qozon porox zavodlariga yetkazib berilishi aytilmoqda. Bu materiallar Rossiya qurolli kuchlari uchun qurol ishlab chiqarishda ishlatilgan bo‘lishi mumkin.


Avvalroq Donald Tramp Rossiya bilan hamkorlik qilayotgan davlatlarga sanksiya qo‘llanishi mumkinligi haqida xabar bergandi.

Tramp Rossiya bilan savdo-sotiq qilayotgan har qanday davlatga nisbatan jazo choralarini joriy etuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.