Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi noyabr oyidagi yig‘ilishlarda 41 ta masalani ko‘rib chiqib, tegishli qarorlar qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 31 ta masala ko‘rib chiqildi. Ular orasida kredit tashkilotlari ustaviga o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, yangi mikromoliya va kredit tashkilotlarini ro‘yxatga olish hamda ayrimlarini reestrdan chiqarish hamda ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish masalalari bor.
Bundan tashqari, banklarda auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazish huquqi uchun sertifikat berish va banklar kuzatuv kengashi, boshqaruvi hamda muhim xodimlari nomzodlarini ko‘rib chiqish ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid jami 10 ta masala ko‘rib chiqildi. Unda Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me‘yorlari bajarilishi, banklar hamda mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari va bank xizmatlari iste‘molchilarining huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.
Jinoyat daromadlarini legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Markaziy bank o‘tgan oyda qoidabuzarliklar uchun 4 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasini qo‘lladi.
Ular regulyator talablari va o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari, jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizm va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish qoidalariga amal qilmagan.
Bundan tashqari, prudensial talablar buzilishi, o‘z faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirmaganligi hamda inspeksiya tekshiruvlarida aniqlangan kamchiliklar uchun 1 ta mikromoliya va 1 ta to‘lov tashkilotlari chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Avvalroq Markaziy bank banklarni insofsiz amaliyotlardan tiyilishga chaqirgandi.
