Raqobat qo‘mitasining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi Centrum Air aviakompaniyasiga oid murojaatni ko‘rib chiqdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma‘lum bo‘lishicha, fuqaro 26-sentabr kuni aviakompaniya saytida Istanbul-Namangan yo‘nalishi uchun ikki dona chipta sotib olgan. Biroq ortiqcha chipta sotilgani sabab u va turmush o‘rtog‘i samolyotga sig‘may, Istanbul aeroportida qolib ketgan.
Oradan bir sutka o‘tib, ularga majburiy ravishda Istanbul-Toshkent reysida uchish taklif etilgan va shu reys orqali qaytib kelgan. Fuqaro bundan norozi bo‘lib, iste‘molchi sifatidagi huquqlari tiklanishi yuzasidan Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilgan.
O‘rganishlar davomida Centrum Air o‘z xatosi natijasida yuzaga kelgan noqulaylik uchun fuqaro bilan kelishilgan holda kompensatsiya va imtiyozlar taqdim etgani ma’lum bo‘ldi.
Unga muvofiq, aviakompaniya fuqaro va uning turmush o‘rtog‘iga 500 yevro miqdorida kompensatsiya hamda qo‘shimcha 865,2 ming so‘m tovon pulini to‘ladi.
Shuningdek, keyingi safarlar uchun istalgan yo‘nalishga 20% lik chegirma beruvchi promokod, qo‘shimcha 23 kg bepul bagaj va parvoz vaqtida samolyotning birinchi qatoridagi o‘rinlardan bepul foydalanish imkonini berildi.
Avvalroq eng ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘layotgan xususiy o‘quv markazlari va platformalar ro‘yxati e’lon qilingandi.
