Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari, moliya institutlari va biznes uyushmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Ryosey Akazava hamda mamlakatning yirik korporatsiyalari va moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.
Ular orasida Sojitz, Sumitomo, Toyota, Mitsubishi, ITOCHU, Marubeni, NEC, Hitachi, Ajinomoto, Japan Tobacco, Mitsui, Eurus Energy, Daito Trust Construction, Shikoku Electric, Chubu Electric Power, JOGMEC, JBIC, JICA, NEXI, JETRO, ROTOBO, Norinchukin va SBI Shinsei banklari kabi kompaniyalarning top-menejerlari bor.
Davlat rahbari yapon ishbilarmonlarining bunday nufuzli tarkibi tomonlarning bir-biriga bo‘lgan ishonchi va iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishga doimiy qiziqishidan dalolat ekanini bildirdi.
Oxirgi sakkiz yilda o‘zaro tovar ayirboshlash 2 baravar, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalarining soni esa 10 karra oshdi. Energetika, sog‘liqni saqlash, geologiya, axborot texnologiyalari, infratuzilma va boshqa ustuvor sohalarda mustahkam kooperatsiya o‘rnatildi.
Uchrashuvda prezident O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi. Oxirgi 8 yil ichida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2 baravarga oshdi. 2030-yilga qadar mamlakatni o‘rta darajadan yuqori daromadli davlatlar qatoriga kiritish vazifasi qo‘yilgan.
Davlat rahbari Yaponiya ishbilarmonlarini sanoatlashuvni tezlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish jarayonlarida faol ishtirok etishga taklif qildi.
Shu maʼnoda, Yaponiya ishbilarmon doiralari bilan hamkorlikni yana-da rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.






Energetik barqarorlikni taʼminlash va “yashil iqtisodiyot"ga o‘tish, xususan, qayta tiklanadigan energiya manbalari va zaxiralash tizimlarini rivojlantirish, iqtisodiyotda “uglerod izi"ni kamaytirish shular jumlasidan.
Qo‘shilgan qiymatning to‘liq zanjirini shakllantirgan holda o‘ta muhim minerallarni chuqur qayta ishlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, mashinasozlik va sanoat uskunalarini rivojlantirish, zamonaviy yuqori texnologiyali sanoatlashgan iqtisodiyotni shakllantirish istiqbolli yo‘nalishlar qatorida qayd etildi.
Axborot texnologiyalarini rivojlantirish, jumladan, sunʼiy intellekt va raqamlashtirish dasturlarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Yana bir yo‘nalish - zamonaviy maxsus iqtisodiy zonalarni yaratib, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish orqali ularni yuqori texnologiyali va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish hamda sanoat kooperatsiyasi markazlariga aylantirish.
JICA ko‘magida Yaponiya modeli va standartlari asosida maxsus iqtisodiy zona barpo etish loyihasi ishlab chiqilmoqda. Davlat rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston Yaponiyani nafaqat investor, balki kelajak sanoatini barpo etishda o‘zining strategik hamkori sifatida bilishini taʼkidladi.
Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishga qatʼiy intilishini bildirdi hamda ustuvor yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish borasidagi rejalarini bayon etdi.
Avvalroq Saudiya va Yaponiya kompaniyalari Toshkentdagi yangi aeroport qurilishida ishtirok etishi aytilgandi.






