Avvalroq Spot noyabr oyida Qonunchilik palatasi islomiy bank to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yuborgani haqida yozgandi.

Hujjat islomiy banklar uchun alohida litsenziya va oddiy banklarda “islomiy darchalar"ni ochish imkoniyatini nazarda tutadi, shuningdek, asosiy mahsulotlar — Murobaha, Muzoraba, Mushoraka, Vakala va Salam kabi operatsiyalarning asosiy jihatlarini belgilaydi.

Markaziy bank islomiy moliya standartlarini belgilash va banklar huzuridagi shariat kengashlarini nazorat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bunday tashkilotlar uchun soliq imtiyozlari beriladi va ularning notarial harakatlari mol-mulkni rasmiylashtirishda davlat bojidan ozod etiladi. Shuningdek, regulyator 2030-yilgacha kamida 10 ta islomiy bank paydo bo‘lishini kutmoqda.

Spot bilan suhbatlashgan mutaxassislar, shuningdek, islomiy bankingni joriy etish moliyaviy faollikni oshiradi va iqtisodiyotga katta miqdordagi ichki mablag‘larni jalb qiladi, deb hisoblaydi.

Qonun loyihasi ilgari surilishi fonida islomiy bank tizimiga qiziqish sezilarli darajada oshdi, shu bilan birga ushbu model atrofidagi barqaror noto‘g‘ri tasavvurlar ham kuchaydi.

Islom moliyasi bo‘yicha xalqaro ekspert va AAOIFI kengashi a’zosi (2016−2024) Xondamir Nusratxo‘jayev Spot uchun yozgan maqolasida bank foizsiz qanday ishlashi mumkinligini va nima uchun butun model “puldan pul” emas, balki real aktivlar atrofida qurilishini batafsil tushuntiradi.

Avvalroq Spot ekspert bilan islom moliyasi haqidagi miflarni batafsil muhokama qilgandi. U, shuningdek, O‘zbekistonda islomiy bankingni joriy etishga uzoq vaqt davomida qanday to‘siqlar xalaqit bergani va nima uchun to‘laqonli infratuzilma yaratilsa, mamlakat “osongina milliardlab halol dollarlarni jalb qilishi” mumkinligini tushuntirgandi.


islom banki, islomiy bank, islomiy moliya, xondamir nusratxo‘jayev

Xondamir Nusratxo‘jayev,

Islom moliyasi bo‘yicha xalqaro ekspert, AAOIFI kengashi a’zosi (2016−2024), Islom moliyasi Telegram-kanali muallifi.

Yer yuzidagi barcha odamlar va bizneslar bir xil moliyaviy ehtiyojlarga ega. Oilalarga uy-joy, avtomobil va yirik xaridlar uchun mablag‘ kerak. Biznesga aylanma mablag‘lar, uskunalar, import uchun moliya zarur. Yirik loyihalarga esa qurilish va rivojlanish uchun katta sarmoya talab etiladi.

An’anaviy banklar bu vazifalarni universal vosita — foizli kredit orqali hal qiladi. Lekin islom banklari boshqacha ishlaydi. Ularning modeli foizni foyda manbai sifatida istisno qiladi va moliyalashtirishni real iqtisodiyotga bog‘laydi. Bu yanada axloqiy, barqaror va kamroq spekulyativ bo‘lgan butunlay boshqacha moliyaviy arxitekturani yaratadi.

Nima uchun islomiy bank foiz ololmaydi? Islomiy bank pul berishning o‘zi uchun boshqa pul talab qilish huquqiga ega emas.

Shu yerda asosiy farq paydo bo‘ladi: islom banki pulni tovar sifatida sotmaydi, balki iqtisodiy jarayonning faol ishtirokchisiga aylanadi. Uning foydasi foizdan emas, balki real bitimlarni moliyalashtirish jarayonida haqiqiy biznes tavakkalchiligini o‘z zimmasiga olish hisobidan shakllanadi.

Islomiy bank ehtiyojlarni qanday qoplaydi?

Foiz olish taqiqlanganligi sababli, bank boshqacha ishlaydi. U aktivlarni sotib oladi, ularga egalik qiladi, sotib olingan paytdan boshlab to mijozga sotish muddatigacha bo‘lgan xatarlarni qabul qiladi. Bu kredit emas, balki real savdo bitimidir.

Yoki bank uskuna va ko‘chmas mulk sotib olib, ularni lizingga beradi. Daromad lizing hisobiga shakllanadi, bank esa aktiv xatariga ega bo‘ladi. Shuningdek, bank buyurtmachi sifatida yakuniy xaridor uchun ishlab chiqarilgan yoki qurilgan aktivlarni moliyalashtirib, keyin ularni mijozga ustama bilan ma’lum muddatga sotish orqali ishtirok etadi.

Bundan tashqari, banklararo bitimlar, savdoni moliyalashtirish, sukuk, likvidlikni boshqarish — bu operatsiyalarning barchasi real aktivlarga bog‘liq.

Bu shakllarning barchasida bank sotuvchi, lizing beruvchi, investor yoki buyurtmachi sifatida ishtirok etadi, lekin hech qachon foiz uchun kreditor rolini o‘ynamaydi.

Islom banki mablag‘larni qanday jalb qiladi?

Agar aktiv tomon bitimlar bo‘lsa, passiv tomon investitsiyalar va foizsiz qarzlardir. Masalan, islom banki ham oddiy bank singari o‘z faoliyatini moliyalashtirish uchun joriy hisobvaraqlardagi mablag‘lardan foydalanadi. Biroq, u bu mablag‘lar uchun foiz to‘lamaydi, chunki ularning qaytarilishini kafolatlaydi. Islom moliyasida “foyda faqat xatar evaziga talab qilinishi mumkin”, degan tamoyil mavjud. Bu holatda esa kreditorlar, ya’ni joriy hisobvaraqlar egalari hech qanday xatarga duch kelmaydilar.

Haqiqiy farq depozit moliyalashtirishda namoyon bo‘ladi. Islom bankida omonatchi bankning qarz beruvchisi emas, balki investoriga aylanadi. Uning mablag‘lari real aktivlarga yo‘naltiriladi, aktiv operatsiyalardan olingan umumiy foyda esa bank boshqaruvchi sifatida (boshqaruv uchun) hamda kafolatsiz va belgilangan foizlarsiz investor sifatida investitsiya omonatchilari o‘rtasida taqsimlanadi.

Investitsion omonatchining daromadi kafolatlanmaydi. Bank mablag‘larni samarali boshqarsa, daromad yuqori bo‘ladi, boshqaruv sust bo‘lsa — past bo‘ladi. Aynan shu model bankning aktiv va passiv tomonlari o‘rtasida sog‘lom bog‘liqlikni yaratadi: aktivlardagi natija bevosita omonatchilar daromadiga ta’sir qiladi.

Oddiy bankdan farqli o‘laroq, qayerda passivlar (omonatlar) aktiv operatsiyalarning qanchalik muvaffaqiyatli ekanligiga bog‘liq bo‘lmasa, islom banki qat’iy belgilangan foiz stavkasi ortiga yashirina olmaydi.

U real natija ko‘rsatishi shart. Bu bank faoliyatini intizomga soladi, uni samarali va shaffof ishlashga undaydi — aks holda bank o‘z omonatchilarini yo‘qotish xavfi ostida qoladi, bu esa butun tizim barqarorligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba hisoblanadi.

Islom banki oddiy bankdan nimasi bilan farq qiladi?

Birinchidan, bu yerda spekulyatsiya va derivativlar yo‘q. Islomiy bank bozorlarda (forex, birja tovarlari va hokazo) chayqovchilik qilmaydi, real iqtisodiyot bilan bog‘liq bo‘lmagan yuqori xatarli derivativ shartnomalar tuzishga kirimaydi. Bu esa bank portfelining xatarlarini sezilarli darajada kamaytiradi.

Ikkinchidan, qarz sotish va sekyuritizatsiya mavjud emas. Islomiy bank kreditlarni qimmatli qog‘ozlarga qadoqlamaydi (qarzlarni sekyuritizatsiya qilish), “havoda” sun’iy pul hajmini yaratmaydi, real iqtisodiyotdan tashqarida o‘z balansini kengaytirmaydi.

Uchinchidan, bu yerda axloqiy filtr ishlaydi. Islomiy bank spirtli ichimliklar, tamaki, qimor o‘yinlari, taqiqlangan ko‘ngilochar sanoat, qurol ishlab chiqarish va ijtimoiy zararli faoliyatlarni moliyalashtirmaydi. Bunday filtr jamiyatning axloqiy va ijtimoiy poydevorini yemiradigan har qanday faoliyatni avtomatik tarzda chetlashtiradi.

Islom banklarida ham jarima foizi va “qarz sirtmog‘i” yo‘q. Penya bank daromadiga aylanmaydi. Jarimalar, agar ular hisoblansa, qat’iy intizomiy xususiyatga ega, miqdori cheklangan va albatta xayriya ishlariga yo‘naltiriladi. Bu mijozlarni cheksiz qarz zanjiridan himoya qiladi.

Islomiy bank zakot to‘lashi shart. Bu uni nafaqat moliyaviy, balki ijtimoiy institutga — jamiyatni qayta taqsimlash va qo‘llab-quvvatlash vositasiga aylantiradi.

Islomiy moliyaviy mahsulotlar narxi nima uchun kreditlar narxiga o‘xshash?

Bu savol eng ko‘p so‘raladigan savoldir. Ha, islom bankidagi muddatli to‘lov yoki lizing narxi oddiy bank kreditining foiz stavkasi bilan taqqoslanishi mumkin. Ammo buning sababi islom banki “foizni yashirishi"da emas.

Buning ikki sababi bor:

  1. Ikkala turdagi bank ham bir xil bozorda faoliyat yuritadi: islom banki ko‘chmas mulk bozorida, ijara bozorida yoki ulgurji savdoda ishlamaydi. U bank bozorida ishlaydi va mijozlar hamda omonatchilar uchun boshqa banklar bilan raqobatlashadi. Shu sababli, mablag‘ jalb qilish qiymati, inflyatsiya va makroiqtisodiy xatarlar bozorning barcha ishtirokchilari uchun bir xildir.
  2. Har qanday bo‘lib to‘lashning ichki daromadliligi mavjud: bu foiz emas, biroq moliyaviy hisob-kitoblar uni taqqoslanadigan ko‘rsatkichda ifodalash imkonini beradi. Narx o‘xshash bo‘lishi mumkin, lekin bu narxning mohiyati boshqachadir.

An’anaviy bank qarzdan foyda olsa, islomiy bank haqiqiy aktivlar, xizmatlar va investitsiya faoliyati bilan shug‘ullanadigan biznes hisobiga daromad topadi. Natijada, bu ikki xil model bo‘lsa-da, ular bir-biriga juda mos keladi. O‘nlab mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, an’anaviy va islomiy banklar bir-birini to‘ldirib, yonma-yon muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Va eng muhimi: O‘zbekistondek demokratik huquqiy davlatda moliyaviy inklyuzivlik fuqarolarning huquqidir.

Bu o‘z e’tiqodi va ehtiyojlariga mos keladigan moliyaviy modelni tanlash huquqi. Aynan huquqiy tizim bu huquqni kafolatlaydi va bozorni haqiqatan ham ochiq qiladi.