Qonunchilik palatasi islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat Soliq va Fuqarolik kodekslariga hamda 8 ta boshqa qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Unda O‘zbekistonda islom banklari faoliyatining huquqiy asoslarini belgilash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Islom moliyasi bilan bog‘liq asosiy atamalar, jumladan, “islom banki” tushunchasi aniqlanmoqda. Qonun loyihasi islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olish talablarini o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, islomiy bank sohasida faoliyat yurituvchi kredit muassasalari islom moliyasi standartlariga muvofiq mijozlarni moliyalashtirish bo‘yicha savdo faoliyatini olib borish huquqiga ega bo‘ladi.
Ularga yuridik shaxslar tashkil etish, boshqa yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulushlar yoki aksiyalarni sotib olishga ruxsat beriladi.
Deputatlarning taʼkidlashicha, ikkinchi o‘qishga tayyorgarlik jarayonida moliyaviy standartlar va investitsiya depozitlari bo‘yicha takliflar inobatga olingan. Hujjatga islomiy moliyaviy operatsiyalarni soliqqa tortishni tartibga soluvchi va ularning hajmini oshirishga qaratilgan normalar kiritildi.
Sessiyada ishtirok etgan 127 nafar deputatdan 125 nafari ikkinchi o‘qishda yoqlab ovoz berdi, bir nafari betaraf qoldi, yana biri ovoz berishda qatnashmadi. Yakuniy o‘qishda hujjatni qo‘llab-quvvatlab 126 kishi ovoz berdi.
Endi qonun loyihasi Senat tomonidan maʼqullanishi kerak. Shundan so‘ng hujjat imzolash uchun prezidentga kiritiladi.
Sentabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.
Hujjat islomiy banklar uchun alohida litsenziya va oddiy banklarda “islomiy darchalar"ni ochish imkoniyatini nazarda tutadi, shuningdek, asosiy mahsulotlar — Murobaha, Muzoraba, Mushoraka, Vakala va Salam kabi operatsiyalarning asosiy jihatlarini belgilaydi.
Markaziy bank islomiy moliya standartlarini belgilash va banklar huzuridagi shariat kengashlarini nazorat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bunday tashkilotlar uchun soliq imtiyozlari beriladi va ularning notarial harakatlari mol-mulkni rasmiylashtirishda davlat bojidan ozod etiladi. Shuningdek, Markaziy bank 2030-yilgacha kamida 10 ta islomiy bank paydo bo‘lishini kutmoqda.
BMTTD so‘rovnomasiga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 68%i, biznes vakillarining esa 60%i diniy eʼtiqodi sabab anʼanaviy bank xizmatidan foydalanishni xohlamaydi. Yangi qonun ushbu talablarni hisobga olishga qaratilgan va mamlakatga yiliga $5 mlrdga baholanadigan islomiy kapitaldan foydalanish imkoniyatini ochadi.
Spot bilan suhbatlashgan mutaxassislar, shuningdek, islomiy bankingni joriy etish moliyaviy faollikni oshiradi va iqtisodiyotga katta miqdordagi ichki mablag‘larni jalb qiladi, deb hisoblaydi.
O‘zbekistonda islom moliyasini tashkil etish
2018-yilda “O‘zbekistonda islom bank ishi va moliyalashtirish infratuzilmasini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasi muhokamasi portaliga joylashtirilgandi. Biroq, hujjat qabul qilinmadi.
Mutaxassislarning fikricha, islom bankingining joriy etilishi orqali mamlakatga $10 mlrdgacha qo‘shimcha xorijiy sarmoya jalb etishi mumkin edi. Bunga to‘sqinlik qiluvchi asosiy to‘siqlardan biri sifatida infratuzilma, me’yoriy-huquqiy baza, depozitlarni himoya qilishning yo‘qligi hamdsa fiskal to‘siqlar keltirilgan. Shu bilan birga, aholi moliyaviy savodxonligining pastligi ham bunga yo‘l bermaydi.
Spot Islom moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) kengashi a’zosi va Islom taraqqiyot banki moliyaviy nazorat departamenti menejeri Xondamir Nusratxo‘jayev bilan suhbatlashgandi.
Unda islomiy moliyaning asosiy tamoyillari va uning klassik bank tizimidan farqlari, O‘zbekistonda mazkur tizimni joriy etish va rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlar haqida so‘z boradi.
Avvalroq Spot islomiy banking haqida 5 ta mif haqida yozgandi.
