Toncoin qiymati ikki kun ichida 60%dan ko‘proqqa ko‘tarildi. Bu haqda vc.ru nashri xabar berdi.
Coinmarketcap ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi haftada kriptovalyuta 66% ga qimmatlashgan.
O‘sish 2026-yil 4-may oqshomidan boshlangan. Toshkent vaqti bilan 15:48 da u $2,28 dan sotilmoqda.
Kriptovalyutaning kapitallashuvi $5,9 mlrdni tashkil etadi va u eng yirik kriptovalyutalar ro‘yxatida 17-o‘rinni egallaydi.
Toncoin o‘sishi Pavel Durov 2026-yil 4-may kuni kechqurun “TON'ni yana buyuk qilaylik” deya chaqiriq qilganidan so‘ng boshlandi.
Uning aytishicha, Telegram endi TON Foundation o‘rnini egallab, TON rivojining asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi va blokcheynda eng yirik validator bo‘ladi.
5-may kuni u TON’ni qo‘llab-quvvatlab yana bir post e’lon qildi. Unda Telegram eng yirik validator sifatida ishtirok etishi tarmoqdagi “markazlashuvni kamaytirib, yanada mustaqil qiladi”, deb ta’kidladi.
Toncoin nima?
Toncoin — bu TON (The Open Network) blokcheyn platformasida yaratilgan kriptovalyuta. Dastlab, TON loyihasi Telegram messenjeri jamoasi, xususan, platforma asoschisi Nikolay Durov tomonidan ma’lumotlar almashish va to‘lovlar uchun tezkor va xavfsiz tarmoq yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.
Telegram bilan integratsiyalashuv natijasida Toncoin’dan mazkur messenjerning milliardlab foydalanuvchilari pul o‘tkazmalari va xizmatlarga to‘lovlar uchun foydalanishlari mumkin. Bundan tashqari, TON platformasida qurilgan ilovalar, xizmatlar va o‘yinlar doirasida to‘lash uchun ham qabul qilinishi mumkin.
Toncoin’ni “Telegram Stars” bilan adashtirib yubormaslik kerak. “Yulduzlar” Telegram’da to‘lovlarni osonlashtirish uchun mo‘ljallangan va Istiqbolli loyihalar milliy agentligining izohlashicha, uning kripto-aktivlarga aloqasi yo‘q. Toncoin TON blokcheyn ekotizimida kengroq maqsadlarga xizmat qiladi. Ishlab chiquvchilar maxsus platforma orqali ishlab topilgan “Stars"ni “Toncoin"ga chiqarishlari mumkin.
Shuningdek, Toncoin Telegram kanallari mualliflariga to‘lanishi mumkin. 1000 kishilik obunachiga ega ommaviy kanallar egalari o‘z kanallarida ko‘rsatilgan reklamalardan daromadning 50%i bilan mukofotlanadi.
