Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaning Sojitz Corporation rahbarlari Masayoshi Fudzimoto va Kosuke Uemurani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya bilan hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortib borayotgani hisobiga Sirdaryo viloyatida bug‘-gaz elektr stansiyasini barpo etish loyihasini jadallashtirish muhimligi taʼkidlandi. Ko‘p tarmoqli shifoxona, Toshkentning yangi xalqaro aeroporti, shamol elektr stansiyasini qurish va boshqa ustuvor loyihalarga eʼtibor qaratildi.

itochu, jogmec, prezident, shamol elektr stansiyasi, shavkat mirziyoyev, sojitz, sumitomo corporation, uran qazib olish, yaponiya, yashil energiya

Tibbiyot klinikalari hamda bog‘cha va maktablarni modernizatsiya qilish, transchegaraviy “yashil” energiya yo‘lagini barpo etish, mamlakat hududlarida gaz kompressor stansiyalarini yangilash bo‘yicha tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, yapon investorlari uchun maxsus iqtisodiy zona yaratishda korporatsiyaning ishtirok etish imkoniyati ko‘rib chiqildi

Bundan tashqari, O‘zbekiston yetakchisi Yaponiyaning JOGMEC va ITOCHU tashkilotlari rahbarlari Ichiro Takaxara va Djun Inomatani qabul qildi.

Kompaniyalarning Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi uran konlarini o‘zlashtirishda birgalikdagi ishtiroki yuqori baholanib, O‘zbekiston hududlaridagi istiqbolli konlardan qimmatbaho metallarni qazib olish rejalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va ITOCHU korporatsiyasi mashinasozlik, geologiya va infratuzilma sohalarida ko‘p yillik hamkorlik tajribasiga ega. Yaponiyaga o‘ta muhim minerallarni eksport qilish bo‘yicha uzoq muddatli kelishuvlarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Suvni tozalash, avtomobilsozlik, havo harakatini boshqarish tizimini modernizatsiya qilish hamda ijtimoiy sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish kabi hamkorlikning yangi yo‘nalishlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlat rahbari, shu bilan birga, Sumitomo Corporation kompaniyasi prezidenti Shingo Uenoni qabul qildi. Strategik sheriklikni yana-da rivojlantirish hamda energetika va sanoat sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Samarqand viloyatida ikkita quyosh elektr stansiyasi va energiya saqlash tizimlari qurilishi boshlangani qayd etildi. Shunday loyihani shamol elektr stansiyalari va saqlash quvvatlari asosida Qoraqalpog‘istonda ham tez fursatlarda amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

Kompaniyaning o‘ta yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish va tez tibbiy yordam mashinalari parkini modernizatsiya qilishda ishtirok etish rejalari kelishildi. Davlat rahbari korporatsiya bilan 2030-yilgacha mo‘ljallangan hamkorlik dasturini qabul qilishni taklif etdi.


Avvalroq O‘zbekiston JBIC bilan transport va energetika kabi sohalarda $10 mlrdlik loyihalarni tayyorlagani haqida xabar berilgandi.