Hamroh va Uzum Market loyihasi o‘z biznesini rivojlantirayotgan, imkoniyatlarni izlayotgan, yangi narsalarni o‘rganayotgan va jamoa bilan birga o‘sayotgan ayollar haqida hikoya qiladi. Munira Komilova an’anaviy hunarmandchilikni o‘z falsafasiga ega zamonaviy korxona va brendga aylantirdi.
Hammasi qanday boshlangan
Bolaligimdan o‘z qo‘lim bilan go‘zallik yaratishni yaxshi ko‘rardim. Boshida do‘ppi, sochi o‘rilgan bir qo‘g‘irchog‘im bo‘lar edi, bir kuni uni “cho‘miltirganimda” bo‘yog‘i o‘chib ketgan. Men besh yoshlarda edim, lekin uning yuzini tiklash istagi shu qadar kuchli ediki, go‘yo bu shunchaki qo‘g‘irchoq emasdek edi. O‘shandayoq tushunganman: menga narsalarni jonlantirish, ularni qaytadan chiroyli qilish yoqadi.
O‘shandan beri mato, ip va igna bilan bog‘liq barcha narsalar men uchun tabiiy va sevimli mashg‘ulotga aylandi. Oq matodan qo‘g‘irchoqlar tikardim, ularning yuzlarini chizar, iplardan sochlar yasardim, liboslar o‘ylab topardim. Ba’zan oyimning ko‘ylaklaridan sezdirmay bir parcha gazlama qirqib olardim — qo‘g‘irchoqqa xuddi ana shu eng chiroyli gazlama kerakdek tuyulardi. Onam urishardi, otam esa sekin jilmayib: “Urushma, uning iste’dodi bor” derdi.
Otam menga ishongan birinchi odam edi. Ular menga tikuv mashinasini olib berib, rasm o‘qituvchisiga olib borib, har bir ishimda meni qo‘llab-quvvatlaganlar. Garajga, eski mashina oldiga yashirincha kirib ketayotganimni, ko‘rib: — “Tikishni xohlaysanmi? Uni uyga qo‘yib beraman” deganlar. Va shunday qildilar ham.
12 yoshimda butun hayotimga ta’sir qilgan tambur kashtachiligini o‘rganishni boshladim. O‘shanda birinchi buyurtmalarni qabul qila boshlaganman va ilk jiddiy loyihamni — Mustaqillik kuni uchun ansamblga mo‘ljallangan sahna liboslarini tikish vazifasini qo‘lga kiritganman. Bu men uchun katta mas’uliyat edi, ammo uddalay olishimga ishonardim. O‘shandan beri teatr va sahna liboslari, milliy kiyimlar, kelin sarpolari va zamonaviy kiyimlar tikib kelmoqdaman.

Bugungi biznes
Tadbirkorning yo‘li kamdan-kam hollarda to‘g‘ri chiziq bo‘ylab ketadi. Men hujjatlar, soliqlar va biznesning rasmiy tomonidan qo‘rqish kabi qiyinchiliklarga duch kelganman. Ammo o‘rganishda davom etdim, savollar berdim va yechimlar izladim.
Mening rivojlanishimda Hamroh dasturi muhim rol o‘ynadi. U yerda hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, shartnomalar bilan ishlash, budjetni rejalashtirish va savdoni yo‘lga qo‘yish usullarini o‘zlashtirdim. Eng muhimi, atrofimda o‘z yo‘lidan borayotgan va bir-birini qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lgan ayollar borligini tushunib yetdim. Hamroh menga boshida yetishmagan ishonchni berdi.
Vaqt o‘tishi bilan mening qiziqishim to‘laqonli brendga — Munira Collection’ga aylandi. Bugungi kunda shaxsiy ustaxonam, o‘ttizga yaqin tikuv mashinam va iste’dodli hunarmandlar jamoasiga egaman. Biz Qozog‘iston, Ozarbayjon, Kanada, AQSH, Jazoir va boshqa mamlakatlardan bo‘lgan mijozlar bilan hamkorlik qilamiz.
Har bir naqsh, har bir chok katta madaniy tarixning bir qismidir. Tambur kashtalarda buvilarimizning quvvati, o‘tmish ustalarining an’analari, avloddan-avlodga hunarni uzatgan ayollar qo‘llarining harorati yashaydi. Men bu yo‘lni davom ettirayotganimni his qilaman va uni mendan keyin keladiganlarga yetkazishni istayman.
Onlayn tijorat o‘sish uchun muhim qadam bo‘ldi. Ilgari kuniga 4−5 ta do‘ppi sotgan bo‘lsam, Uzum Market’ga kirgach, sotuvlar bir necha barobar oshdi. Hayit bayramida bir kunda 613 ta do‘ppini sotganimiz men uchun mehnatimiz odamlarga kerakligining isboti bo‘ldi.

Missiya va kelajak haqida
Bugun, 45 yoshimda, nafaqat o‘z brendimni rivojlantirish, balki boshqa ayollarga ham yordam berish mening burchim ekanligini his qilyapman. Tajribamni ulashishni, hunarga o‘rgatishni, endigina ishga kirishgan va o‘ziga ishonchi sust bo‘lgan ayollarni qo‘llab-quvvatlashni xohlayman. Bir paytlar men ham qiyinchiliklar bilan yuzlashganman, shu bois endi boshqa ayollarning o‘z kasbiy maqsadlarini amalga oshirishlari osonroq bo‘lishini istayman.
Men uchun har bir ish shunchaki kiyim emas. Bu tarix, madaniyat va xotiradir. Har bir chokda hunarmand ayolning qo‘lining tafti, merosimizga bo‘lgan hurmat va xalqimiz bilan faxrlanish tuyg‘usi mujassam. Kelajakda ustaxonamni kengaytirib, ko‘proq ayollarni o‘qitishni, hunarmandchilik maktablarini rivojlantirishni va Munira Collection’ni xalqaro darajaga olib chiqishni maqsad qilganman. Mahsulotlarimiz o‘zbek madaniyatining boyligini dunyoga tanitsin.
Hayot menga o‘rgatgan eng muhim saboq — boshlashdan qo‘rqmaslik. Hatto birgina tikuv mashinang bo‘lsa-da, ishga muhabbatingiz bo‘lsa, yo‘l ochilishi uchun shuning o‘zi yetarli. Muvaffaqiyat sabr-toqat, ishonch va mehnatdan tug‘iladi. Bugungi kunda ayollarga ko‘plab imkoniyatlar taqdim etilgan. Ularni ilg‘ash, foydalanish, o‘z kuchiga ishonish va dastlabki qadamni qo‘yish muhim.
Men har bir endi boshlayotgan tadbirkorga jasorat, o‘ziga ishonch va insonlarga naf keltiradigan ishlarni tilayman. Va shuni yodda tuting: intiluvchilarga omad yor bo‘ladi.
Reklama huquqlari asosida.
