O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomalarini qalbakilashtirish bilan bog‘liq yirik jinoyat ishlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, Bosh prokuratura tomonidan Davlat xizmatlari markazlari xodimlari va vositachilarga nisbatan tergov ishlari olib borilmoqda.

Tergovga ko‘ra, DXM mutaxassisi sheriklari bilan 2025-yilda 72 fuqaro uchun imtihonsiz haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirib berdi. Ular buning evaziga 616 mln so‘m pora olganlikda gumonlanmoqda.

Ayblanuvchilarga pora olish va berish, shuningdek, hujjatlarni qalbakilashtirish bo‘yicha ayblov e‘lon qilindi. Ularning barchasi qamoqqa olingan.

Hukumat qarori bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentiga ko‘ra, nomzodlar haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlarni topshirganidan so‘ng, ularga guvohnoma Davlat xizmatlari markazlari tomonidan berilishi belgilangan.

Biroq, imtihonlardan o‘tolmagan fuqarolarga avtomaktablar yaqinidagi shaxslar “prava"ni haq evaziga imtihon topshirmasdan, soxta hujjatlari asosida olib bergan.

Jinoiy guruh guvohnomalarni ikki usulda qalbakilashtirgan:

  • $500−1000 evaziga qo‘lbola eski turdagi guvohnomalarni tayyorlab, pora orqali yangisiga almashtirib berish;
  • $10 000 gacha pul evaziga soxta ma‘lumotnoma va QR-kodlar tayyorlab, fuqarolarni guvohnoma egasi sifatida rasmiylashtirish.

Har ikki holatda ham haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan fuqarolar soxta hujjat sotib olib, DXMga guvohnomani go‘yoki yo‘qotganini aytib murojaat qilgan.

Natijada 72 nafar fuqaro hujjatlarni qalbakilashtirish hamda davlat tashkiloti xodimiga pora berish jinoyatlariga sherik bo‘lgan.

Mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan tekshiruvlarda yana 1200 dan ortiq soxta haydovchilik guvohnomalari aniqlandi. Ulardan eng ko‘pi Toshkent shahri (440 ta) va Navoiy viloyatida (265 ta) qayd etilgan.

Shuningdek, Surxondaryo (205 ta), Samarqand (146 ta), Qashqadaryo (33 ta), Sirdaryo (20 ta) va boshqa viloyatlarda (100 dan ortiq) qalbaki haydovchilik guvohnomalari aniqlandi.

Hozirga kelib barcha qalbaki guvohnomalar bekor qilingan. Qalbakilashtirishda ishtirok etgan shaxslarning jinoiy javobgarligi ko‘rib chiqilmoqda.

Bosh prokuratura fuqarolarga haydovchilik guvohnomasini faqat qonuniy yo‘l — avtomaktablarda o‘qib, imtihon topshirish orqali olish mumkinligini eslatdi. Qing‘ir yo‘llar orqali olingan hujjat moddiy zarar va jinoyat javobgarligiga olib kelishi ta‘kidlandi.


Avvalroq moped va skuterlar uchun alohida haydovchilik guvohnomasi joriy etilishi haqida xabar berilgandi.