Prezidentning kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

2030-yilgacha fond bozoriga $1 mlrd, shu jumladan, 5 trln so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqarilishi hisobiga qo‘shimcha investitsiyalar jalb etiladi.

Kapital bozori ishtirokchilarining investitsiyalari xavfsizligini kafolatlovchi mexanizmlarni joriy etish hisobiga bartaraf etiladigan huquqbuzarliklar ulushi 85% dan oshiriladi.

Farmonga ko‘ra, kapital bozorida joriy etilgan Tartibga solish qumdoni maxsus huquqiy rejimi cheklanmagan muddatga amal qiladi.

Kapital bozorida qumdon doirasida bir qator huquqlar beriladi. Jumladan, O‘zbekistonning rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan Tartibga solish qumdoni ishtirokchisi maqomini olish mumkin.

Chet ellik ishtirokchilarga, O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarga, shu jumladan, investitsiya fondlariga ular tomonidan chiqarilgan va ularga tegishli bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarga nisbatan kastodial va nominal saqlash xizmatlari ko‘rsatiladi.

Emitentlarga qonun hujjatlarida belgilangan hollarda o‘z kapitali miqdoridan ortiq bo‘lgan korporativ obligatsiyalar taʼminotsiz chiqariladi.

2024-yilning yanvarida kapital bozorida tartibga solish qumdoni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangandi.


Avvalroq aholiga isteʼmol krediti va mikroqarz ajratish bo‘yicha maksimal miqdorlar belgilangandi.