Google, Apple va Microsoft ba’zi viza egalari uchun AQSHga qaytishdagi “sezilarli” kechikishlar bir yilgacha cho‘zilishi mumkinligi sababli, ularga AQSHni tark etmaslik haqida ogohlantirish bermoqda.

Business Insider nashri ko‘rib chiqqan xizmat yozishmalariga ko‘ra, Google va Apple kompaniyalari viza egalari bo‘lgan ayrim xodimlariga AQSHdan tashqariga safar qilishdan tiyilishni maslahat bermoqda.

Kompaniyalarning huquqiy firmalari qayta kirish uchun viza olishi zarur bo‘lgan xodimlarga o‘z joylarida qolishni tavsiya etgan. Viza olish uchun ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarni tekshirish talabi suhbat belgilashni bir necha oyga kechiktirishga sabab bo‘lmoqda.

“AQSHning ba’zi elchixonalari va konsulliklarida viza olish sanasini belgilashda sezilarli kechikishlar kuzatilayotganini ma’lum qilamiz, ma’lumotlarga ko‘ra, ular 12 oyga yetadi”, — deyiladi Google manfaatlarini himoya qiluvchi BAL Immigration Law yuridik firmasi tomonidan payshanba kuni tarqatilgan xizmat xatida.

Firma xodimlarga xalqaro sayohatlardan saqlanishni tavsiya qildi, chunki bu “AQSHdan tashqarida uzoq vaqt qolish xavfini tug‘diradi”.

Apple kompaniyasining manfaatlarini himoya qiluvchi Fragomen yuridik firmasining o‘tgan hafta viza ega bo‘lgan ayrim xodimlarga yuborilgan xizmat xatida ham safarga chiqish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida xuddi shunday ogohlantirish mavjud edi.

“So‘nggi yangiliklarni va AQSHga qaytishda kutilmagan va uzoq muddatli kechikishlarni hisobga olgan holda, biz amaldagi H-1B vizasiga ega bo‘lmagan xodimlarga hozircha xalqaro sayohatlardan voz kechishni qat’iy tavsiya qilamiz”, deyiladi xizmat xatida.

Qayd etilishicha, agar safarni kechiktirishning iloji bo‘lmasa, xodimlar xavflarni muhokama qilish uchun Apple immigratsiya xizmati va Fragomen bilan oldindan bog‘lanishlari kerak.

Microsoft kompaniyasining immigratsiya masalalari bo‘yicha bosh yuristkonsulti o‘rinbosari Jek Chen tomonidan yuborilgan xizmat xatida viza suhbatlarining kechiktirilishi sababli chet elda qolib ketgan xodimlarga o‘z ahvollari haqida kompaniyaga xabar berishlari so‘ralgan.

“Hozirda xorijda bo‘lgan xodimlarimiz uchun bu tashvishli vaziyat ekanligini tushunamiz. Imkon qadar tezroq sizlarga aniq va izchil yo‘riqnomalar taqdim etamiz”, — deb yozadi Chen.

Microsoft hali ham AQSHda bo‘lgan va xalqaro safarlarga tayyorlanayotgan xodimlariga safar rejalarini “jiddiy ravishda qayta ko‘rib chiqishni” maslahat bermoqda.


Avvalroq Tramp AQSHga kirish cheklovlari joriy qilingan mamlakatlar sonini 39 taga oshirgani haqida xabar berilgandi.