Yaponiya O‘zbekistonda kichik quvvatli atom stansiyasi energiyasidan foydalanib, 50 MVt quvvatli ma‘lumotlar markazini qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zatom Yaponiyaning Muroosystems Corporation kompaniyasi bilan birgalikda kichik modulli reaktorlar (KMR) tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi bilan to‘liq ta‘minlanadigan ma‘lumotlar markazini yaratish bo‘yicha xalqaro loyihani amalga oshirmoqda.

Loyiha KMR tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi bilan ta’minlanadigan, 50 MVt energiya iste’moli rejalashtirilgan ma’lumotlar markazini qurishni nazarda tutadi.

“Bunday yondashuv atom energiyasi ishlab chiqarishga barqaror va bashorat qilinadigan talabni shakllantirish, AES quvvatlaridan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.

Ta‘kidlanishicha, loyiha atom energetikasi va raqamli infratuzilmani integratsiyalashni nazarda tutadi: ma‘lumotlar markazi faqat KMR tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi bilan ta‘minlanadi. Bu esa “loyihani o‘z turida dunyodagi birinchi qiladi va energiya talab qiladigan IT-obyektlar uchun yangi standart belgilaydi”.

Bundan tashqari, O‘zatom direktori Azim Ahmedxo‘jayev O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida Muroosystems Corporation‘ning sho‘ba kompaniyasi Nukem bilan ishlatilgan yadro yoqilg‘isi xavfsizligini ta‘minlash bo‘yicha texnologiyalardan foydalanish yuzasidan hamkorlik shartnomasi imzolanganini ma‘lum qildi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 2040-yilgacha yirik AES quvvati ikki baravarga — 2 dan 4 GVt gacha oshirilishi haqida yozgandi.