O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 010,43 so‘m etib belgiladi. Savdo kuni davomida kurs 14 so‘m 29 tiyinga oshdi.
Bungacha dollar kursi 16-dekabr, 17-dekabr, 18-dekabr va 19-dekabr kunlari pasaygandi.
Avvalroq joriy yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi $17 mlrddan oshgani haqida xabar berilgandi.
Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25% ga yoki $3,5 mlrdga ko‘p, biroq noyabr oyida o‘tkazmalar hajmi keskin qisqargan.
Xususan, noyabrda transferlarning oylik miqdori keskin qisqardi — $1,48 mlrd. Pul o‘tkazmalari hajmi $1,97 mlrd bilan iyul oyida eng yuqori darajaga yetdi, keyingi oylarda pasayish kuzatilib, oktabrda ko‘rsatkich $1,86 mlrdni tashkil etdi.
Shuningdek, 11 oyda aholi banklarga qariyb $20 mlrd xorijiy valyuta sotdi. Jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan xorijiy valyuta hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,3 barobar oshib, talabdan $8,7 mlrdga yuqori bo‘ldi.
