O‘zbekistonda eskrou tizimi ishlab chiqilgan, ammo qonunchilikka o‘zgartirish kiritish talab etiladi. Bu haqda 17-dekabr kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda aytib o‘tdi.
Vazirning ma’lum qilishicha, 2026-yilga mo‘ljallangan eskrou-hisoblar tizimining ishga tushirilishi allaqachon boshlangan ulushli qurilish loyihalariga ta’sir qilmaydi va faqat yangi obyektlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Sherzod Hidoyatovning so‘zlariga ko‘ra, quruvchilar mahalliy banklarda eskrou-hisob raqamini ochishlari kerak. Buning uchun bir qator shartlar, jumladan, yer uchastkasi va qurilishga ruxsat beruvchi barcha hujjatlar mavjud bo‘lishi kerak. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu noqonuniy qurilishlarning oldini oladi.
“Eskrou tizimi ishlab chiqilgan, elektron tizim allaqachon ishlamoqda, ammo qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishni talab qiladi”, — dedi Hidoyatov.
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev yig‘ilishda eskrou tizimining joriy etilishi qurilish ishlarining to‘xtab qolishiga olib keladi, degan fikrlarga qo‘shilmadi.
U butun dunyoda qurilish jarayonlari ushbu tizim asosida ishlashini ta’kidlab, O‘zbekistonda tizim ishga tushgach, dastlab bu quruvchilarga yoqmasligi munkinligini qayd etdi. Kudbiyevga ko‘ra, eskrou ulushdorlarni himoya qilish uchun zarur.
“Tayyor uyga kadastr rasmiylashtirilgan bo‘lsa, xohlagan tadbirkor o‘z mablag‘iga xohlagancha qurishi mumkin. Bunda ham tizim ishlaydi, biroq aholidan oldindan pul jalb qilinsa, developerlar o‘nta, yigirmata, ellikta yoki yuztadir, lekin millionlab aholimiz bor-ku, birinchi navbatda ularning manfaatlarini himoya qilishimiz kerak bo‘ladi”, — dedi u.
Shuningdek, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi ulushli qurilishda eskrou tizimini ishga tushirish jarayonida faolroq ishtirok etishga va’da berdi.
Eskrou
O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab ulushli qurilishda eskrou-hisobi tizimi joriy etildi. 2026-yildan boshlab ulushli qurilishni faqat eskrou-hisobvaraqlar orqali amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
Iyun oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov tizim uchun dasturiy ta’minot allaqachon ishlab chiqilgan bo‘lib, sinovdan o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. Raqamli platformani yaratish va sinov loyihaga Rossiyaning DOM.RF kompaniyasi jalb qilinganini qayd etdi.
Undan keyin, vazirlik matbuot kotibi Saidnosir Usmonov eskrou tizimini joriy etish uy-joy narxining oshishiga olib kelmasligiga ishontirdi. Yangi tizim qurilishning shaffofligini oshirish va loyihalarning amalga oshirilishi ustidan nazoratni ta’minlashga qaratilgan.
Iyulda O‘zbekiston quruvchilar uyushmasi raisi Mansur Niyozmuhamedov ulushli qurilish sohasida eskrou-hisob raqamlari ommaviy joriy etilgandan so‘ng quruvchilar aylanma mablag‘lar yetishmovchiligiga duch kelishi mumkinligini bildirdi. Yuqori talab saqlanib qolayotgan sharoitda bu bozorda taklif hajmining qisqarishiga va natijada uy-joy narxining oshishiga olib kelishi mumkin.
Niyozmuhamedov developerlarga banklardagi eskrou-hisobda saqlanayotgan ulushdorlarning mablag‘lari hisobidan 0% yoki past foiz stavkasida mablag‘ berishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, quruvchilarda loyihani moliyalashtirish qiymati bo‘yicha xavotirlar bor.
Avvalroq Spot Qurilish vazirligi o‘zbekistonliklarga yangi uy-joy sotib olishdan oldin tekshirish uchun onlayn-karta taqdim etgani haqida yozgandi.
