Yaponiya kompaniyasi bilan transport sohasida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik o‘rnatiladi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.

20-dekabr kuni transport vaziri Ilhom Mahkamov Sojitz korporatsiyasining Bosh operatsion direktori M. Xashimoto bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston transport sohasidagi loyihalarga Yaponiyaning ilg‘or tajribasi va moliyaviy institutlarini keng jalb etish muhokama qilindi. Shuningdek, sohaga malakali mutaxassislarni tayyorlashda hamkorlikni o‘rnatish haqida so‘z bordi.

aviatsiya, ilhom mahkamov, itochu, navigatsiya, sojitz, transport vazirligi, yaponiya

Yakunda O‘zbekistonda aviatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish rejalari belgilandi.

Transport vazirligi vakillari, shuningdek, ITOCHU Corporation kompaniyasi bilan ham uchrashdi. Unda mamlakat hududidagi navigatsiya uskunalarini yangilash hamda mutaxassislarning malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar ushbu sohadagi hamkorlikni rivojlantirish hamda rejalashtirilgan ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrif doirasida transport sohasida kelishuv qabul qilingandi. Shuningdek, O‘zbekiston JBIC bilan transport va energetika kabi sohalarda $10 mlrdlik loyihalarni tayyorlashi belgilangandi.

19-dekabr kuni prezident Sojitz Corporation rahbarlari bilan uchrashuvda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilgandi. Ko‘p tarmoqli shifoxona, Toshkentning yangi xalqaro aeroporti, shamol elektr stansiyasini qurish va boshqa ustuvor loyihalarga eʼtibor qaratilgandi.

Shu kuni davlat rahbari ITOCHU tashkiloti rahbari bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Unda Yaponiyaga o‘ta muhim minerallarni eksport qilish bo‘yicha uzoq muddatli kelishuvlarga erishilgani qayd etilgandi.

Uchrashuvda suvni tozalash, avtomobilsozlik, havo harakatini boshqarish tizimini modernizatsiya qilish hamda ijtimoiy sohada DXSH loyihalarini amalga oshirish kabi hamkorlikning yangi yo‘nalishlariga eʼtibor qaratilgan edi.


Avvalroq Yaponiya O‘zbekistonda kichik AES energiyasidan foydalanib 50 MVt quvvatli data-markaz qurishi haqida xabar berilgandi.