Ekostiker o‘rnatmagan avtomobillarga 2026-yildan jarimalar qo‘llanilmaydi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita ijtimoiy tarmoqlar va ayrim OAVlarda kelasi yildan “ekologik hudud"ga kiruvchi qizil va sariq toifadagi avtomobillar jarimaga tortilishi haqidagi tarqalgan xabarlar noto‘g‘ri talqin qilinganini qayd etdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, “Ekologik transport” tizimi doirasidagi jarimalar ikki yildan so‘ng — 2028-yildan boshlab joriy etiladi. 2026-yil esa tizimni yo‘lga qo‘yish, haydovchilarni xabardor qilish va ekologik madaniyatni shakllantirish davri hisoblanadi.
“Tizimning bosh maqsadi — jazolash emas, balki aholi orasida „Ekologik transport“ tushunchasini keng targ‘ib qilish va shaharlarimiz havosining sifatini yaxshilashdir”, — deyiladi xabarda.
Tizim haydovchilarga ko‘mak berish tamoyili asosida ishlaydi. Sariq yoki qizil stiker olgan avtomobillar rangini diagnostika markazlaridagi texnik ko‘rik orqali “yashil"ga o‘zgartirish mumkin.
Yo‘l harakati xavfsizligining yagona elektron tizimi va kameralar orqali haydovchilar qaysi hududga kirish mumkin yoki mumkin emasligi haqida oldindan xabardor qilib boriladi.
Noyabr oyida hukumat qarori bilan avtotransport vositalariga ekologik stikerlarni berish tartibi belgilangandi. Avtomobillar quyidagi mezonlarga ko‘ra ekologik toifalarga ajratiladi:
— benzin, siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanuvchi:
- Yevro-2 va undan yuqori ekologik sinfiga (Yevro va unga muqobil boshqa turdagi standartlar) kiruvchi avtomobillar — “toza”;
- Yevro-0 va Yevro-1 — “o‘rta”.
— dizelda harakatlanuvchi avtomobillar:
- Yevro-4 va undan yuqori — “toza”;
- Yevro-3 — “o‘rta”;
- Yevro-0, Yevro-1 va Yevro-2 — “zararli”.
Shuningdek, gibrid, muqobil yoqilg‘ida (siqilgan va suyultirilgan gaz bundan mustasno) harakatlanuvchi hamda ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan transport vositalari “toza” toifa oladi.
Ekologik transport tizimi birinchi bosqichda 2026-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahrida joriy etiladi. U barcha turdagi avtomobillarning havoga chiqaradigan zararli moddalar miqdorini belgilangan me’yorlarga mosligini nazorat qiladi. Ekologik stikerlar ham ushbu tizim doirasida beriladi.
Avvalroq noyabrda O‘zbekistonda avtomobillar sotuvi 6% ga oshgani haqida xabar berilgandi. Eng yuqori o‘sish bo‘yicha Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasi yetakchilik qildi.
