Qonunchilik palatasi ekologik toza hududlar to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi va tartibini belgilaydi. Xususan, bu hududlarda tabiiy obyektlar va majmualarga salbiy ta‘sir ko‘rsatuvchi sanoat obyektlarini qurish va ulardan foydalanish man etiladi.
Ekologik toza hududlarda bir martalik plastik mahsulotlar aylanmasiga cheklovlar kiritilmoqda. Bunda tabiiy (organik) polimerlardan tayyorlangan mahsulotlar bunday cheklovga kirmaydi.
Ekologik toza hududlar tartibidagi ishlab chiqarish obyektlari va avtomobil yuvish shoxobchalari majburiy ravishda oqova suvlarni tozalash inshootlari bilan jihozlanishi shart. Oqova suvlarni kanalizatsiya tarmog‘iga yo‘naltirish yoki ularni yig‘ishning muqobil usullarini ta‘minlash, shuningdek, aylanma suv ta’minotini yo‘lga qo‘yish talabi joriy etiladi.
Ikkinchi o‘qishda loyihani 134 deputat, uchinchi o‘qishda esa 138 ishtirokchidan 135 nafari qo‘llab-quvvatladi. Hozirda hujjat Senat tomonidan ma‘qullanishini kutmoqda, shundan so‘ng uni prezident imzolashi lozim bo‘ladi.
Bir hafta oldin, 17-dekabrda, ekologik toza hududlar to‘g‘risidagi qonun loyihasining birinchi o‘qishi bo‘lib o‘tgan edi. Qonun loyihasi polietilen paketlarning atrof-muhitga salbiy ta‘sirini kamaytirish maqsadini ko‘zlayotgani ta‘kidlangan.
2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasiga O‘zbekistonda “Bir million yashil oila” harakatini tashkil etish kiritilgan edi. Uning asosiy tamoyillari qatoriga plastik ishlatishni kamaytirish, suv, gaz, elektr energiyasi va oziq-ovqatni oqilona iste‘mol qilish kiradi.
Shavkat Mirziyoyev huzurida avgust oyida o‘tkazilgan chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha choralar taqdimotida har yili 1 trln so‘mlik ikkilamchi xom ashyo ishlab chiqarish imkoniyati qayd etilgandi. Gap qog‘oz, plastik, rezina, shisha va to‘qimachilik mahsulotlari haqida bordi, ular hozirda maishiy chiqindilarning taxminan 25%ini tashkil etadi.
Spot, avvalroq, Senat O‘zbekistonda qurilish oynalari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etilishi bo‘yicha qonun loyihasini maʼqullagandi.