Backend va frontend yo‘nalishlarida g‘oliblikni ikki nafar o‘zbekistonlik ishtirokchi — Nazarbek Boltaboyev va Akobir Abdug‘aniyevlar qo‘lga kiritishdi.
Yandex Cup — 2011-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan, professionallar va yosh dasturchilarni birlashtiruvchi eng yirik xalqaro dasturlash chempionatlaridan biri hisoblanadi. Bu yilgi final quyidagi olti yo‘nalishni qamrab oldi:
- mashinali o‘qitish (ML);
- frontend;
- bekend;
- mobil ishlanmalar;
- analitika;
- algoritmlar.

Saralash bosqichida ishtirokchilar amaliyotga yaqin vazifalarni yechishdi: til modellarini o‘qitish, avtonom transport uchun algoritmlar ishlab chiqish, geometriya va fizika masalalari uchun multimodal modellar yaratish shular jumlasidandir.
Ayniqsa, 14−18 yoshli dasturchilar kattalar bilan bir xil murakkablikdagi vazifalarni bajargani muhim ahamiyatga ega. Bu iqtidorli mutaxassislarni erta aniqlash va rivojlantirish imkonini beradi.
Finalning umumiy mukofot jamg‘armasi 1,8 mlrd so‘mni tashkil etdi. G‘oliblar Rossiya, O‘zbekiston, Xitoy, AQSH, Kanada va Yaponiyadan bo‘lgan 61 nafar ishtirokchi orasidan aniqlandi.
O‘zbekistonlik g‘oliblar: tajriba va strategiya
“Istambulga juda katta motivatsiya bilan bordim. O‘tgan yili sovrinli o‘ringa ozgina yetmagan edi va bu his menda tugallanmaganlik tuyg‘usini qoldirgandi. Bu gal xotirjam, tayyorlangan holda bordim va o‘tgan yilgi natijani yaxshilash niyatida edim. Final juda yaxshi o‘tdi, vazifalar murakkab, biroq qiziqarli edi. Eng muhimi — orttirilgan tajriba va o‘zingni xalqaro maydonda sinab ko‘rish imkoniyati”, — dedi 26 yoshli katta veb-dasturchi Nazarbek Baltabayev.

Nazarbek Baltabayev, 26 yosh, katta veb-dasturchi
Nazarbek final oldidan eng muhimi — ruhiy charchoqqa yo‘l qo‘ymaslik ekanini ta’kidlab, musobaqadan oldingi so‘nggi soatlarni dam olish va tiklanishga bag‘ishlaganini aytdi.
“Finalga xotirjam holda bordim, oxirgi soatlarda jadal tayyorgarlik qilmadim. Vazirfalar haqiqiy loyihalarga juda yaqin edi: vaqt bilan ishlash, navbatlar, tuzilmalashgan jarayonlar. Bu tez tahlil qilish va yechim topishga yordam berdi. G‘alaba — faqat mukofot emas, balki muhandislarimiz jahon darajasida raqobatlasha olishini isbotlovchi natija”, — dedi 22 yoshli backend-dasturchi Akobir Abduganiyev.

Akobir Abduganiyev, 22 yosh, backend-dasturchi
Akobirning ta’kidlashicha, bu yilgi final o‘tgan yilgidan sezilarli darajada farq qilgan: vazifalar yanada murakkablashgan, backend-dasturlashning real jarayonlariga yaqinlashgan, 5 soat davomida 6 ta vazifani yechish esa strategik yondashuvni talab qilgan.

IT-jamiyat uchun muhim platforma
Yandex Cup — faqat musobaqa emas, balki O‘zbekistondagi IT-jamiyatini rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim vosita hamdir.
“Bizda IT-komyuniti allaqachon o‘z madaniyatini shakllantirgan: ochiqlik, jamoaviy ishlash va amaliyot orqali o‘sish. KEP.uz kabi platformalar yosh dasturchilarga xalqaro maydonga chiqish imkonini berayapti”, — dedi Akobir.
Ikki g‘olib ham Yandex tomonidan O‘zbekistonda olib borilayotgan ta’limiy tashabbuslar, musobaqalar va xakatonlarni yuqori baholadi. Bu loyihalar sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, kasbiy standartlarni oshirish va yosh dasturchilarni o‘z ustida ishlashga undashga xizmat qilmoqda.
G‘oliblar pul mukofotlari va kuboklar bilan taqdirlandi. Biroq Nazarbek va Akobir uchun eng muhimi — orttirilgan tajriba, o‘z salohiyatini sinash va professional imkoniyatlarni kengaytirishdir.
Nazarbek xalqaro musobaqalarda ishtirok etishni davom ettirish va shaxsiy loyihalarini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Akobir esa AI/AR startapini rivojlantirish, jamoaviy loyihalar ustida ishlash va KEP.uz platformasini takomillashtirish niyatida.
Ishtirokchilarning ta’kidlashicha, Yandex Cup’dagi g‘alaba — yakun emas, balki kasbiy rivojlanish va kareradagi yangi bosqichning boshlanishidir.
Reklama huquqlari asosida.
