Bir qator yo‘nalishlarda 26-dekabrdan 12-yanvargacha qo‘shimcha poyezd qatnovlari tashkil etiladi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Jumladan, Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishida 26−31-dekabr kunlari hamda 4-yanvar kuni Afrosiyob elektropoyezdining qo‘shimcha qatnovlari tashkil etiladi. Jami 14 ta qo‘shimcha reys amalga oshiriladi.
Toshkent-Buxoro-Toshkent yo‘nalishida 26−31-dekabr kunlari Afrosiyob‘ning qo‘shimcha 4 ta reysi bajariladi.
Toshkent-Xiva-Toshkent yo‘nalishida 12-yanvargacha qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur yo‘nalishda jami 12 ta qo‘shimcha reys amalga oshiriladi.
Shuningdek, quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shimcha vagonlar qo‘shiladi:
- Toshkent-Xiva-Toshkent;
- Toshkent-Shovot-Toshkent;
- Toshkent-Qo‘ng‘irot-Toshkent;
- Toshkent-Termiz-Toshkent;
- Toshkent-Buxoro-Toshkent (Sharq poyezdi).
Ushbu poyezdlarga 12-yanvargacha har kuni 4 tadan vagonlar qo‘shiladi.
Talabalar uchun poyezd chiptalariga chegirma e’lon qilingandi. Yo‘lovchi poyezdlarining temir yo‘l hujjatining to‘liq qiymatidan 50% chegirma 2025-yil 18-dekabrdan 2026-yil 12-yanvarga qadar amal qilishi belgilangandi.
Avvalroq 21-dekabrdan Toshkent-Qozon yo‘nalishida poyezdlar qatnovi boshlanishi haqida xabar berilgandi.
